AsosiyJamiyat

ShAVKAT MIRZIYoEV ANGREN ShAHRIGA TAShRIF BUYuRDI

'ShAVKAT MIRZIYoEV ANGREN ShAHRIGA TAShRIF BUYuRDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 iyul kuni Angren shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 20 sentyabr kuni Angren shahriga tashrif buyurib, ushbu zonada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik investisiya loyihalari bilan tanishgan edi.

Ulardan biri konveyer lentalari, qishloq xo`jaligi texnikasi va avtomobil shinalari ishlab chiqarish loyihasidir. Loyihaga ko`ra yiliga 100 ming pogon metr konveyer lentasi, 200 mingta qishloq xo`jaligi texnikasi shinasi, 3 million dona avtomobil shinasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Prezidentimiz mazkur loyiha ijrosining borishi bilan tanishdi.

Konveyer lentasi va shinalar sanoat, qishloq xo`jaligi, umuman, odamlar hayoti uchun eng zarur mahsulotlardan hisoblanadi. Ular xorijdan olib kelinmoqda. Bu tovarlarni mamlakatimizda ishlab chiqarish import o`rnini to`ldirish, valyuta mablag`larini tejash, shu bilan birga, eksportdan foyda topish imkonini beradi.

Bu zavod mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega, dedi Prezidentimiz. Bu erda jahon standartlariga mos, yuqori sifat va keng nomenklaturadagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Odamlar barqaror daromad manbaiga ega bo`ladi, hayotdan rozi bo`lib yashaydi.

Zavod ishga tushgach 1 ming 200 ga yaqin kishi ish bilan ta`minlanadi. Yoshlar zamonaviy texnologiyalarni egallab, malakali kadr bo`lib shakllanadi. Hozirgacha 68 mutaxassis Xitoyda malaka oshirib qaytdi.

Davlatimiz rahbari korxona uchun mutaxassislarni aniq, manzilli asosda tayyorlash, xomashyoni mahalliylashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Xitoyning "Poli teknoloji" kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, yangi imkoniyatlarni kashf etish, ishlab chiqarish va qayta ishlashni chuqurlashtirish bo`yicha "O`zkimyosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi bilan 10 yillik strategiya ishlab chiqish zarurligini ta`kidladi.

Bugungi kunda zavodda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Rejaga ko`ra, joriy yilning 1 sentyabr kuni korxonada birinchi shina ishlab chiqariladi.

Shu erda qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, «Angren» erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyiahalarni amalga oshirish, Toshkent viloyatidagi bo`sh turgan binolardan samarali foydalanish borasidagi ishlar haqida ma`lumot berildi.

Prezidentimiz bu loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga e`tibor qaratdi, xomashyosi va bozorini surishtirdi. Korxonalarning oyoqqa turib olishiga ko`maklashish, energiya sarfini kamaytirish orqali mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, odamlarni ish bilan ta`minlash muhimligini ta`kidladi.

Prezidentimiz xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi.

Shu erda Angren erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan namunalar namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar