AsosiyJamiyat

​2018 YILNING OHIRIGAChA O`ZBEKISTON TO`LIQ RAQAMLI TELEVIDENIEGA O`TADI

'​2018 YILNING OHIRIGAChA O`ZBEKISTON TO`LIQ RAQAMLI TELEVIDENIEGA O`TADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyulda qabul qilingan “Raqamli teleeshittirishlarga o`tish va er usti analog teleeshittirishlarni to`xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning barcha viloyatlarida er usti analog teleeshittirishlarni efirga uzatish belgilangan jadval asosida bekor qilinadi.

Birinchi navbatda, eski shaklda signal uzatish dastlab Toshkent shahrida, 2018 yilning 5 dekabriga qadar esa yurtimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich to`xtatiladi, deb yozadi O`zA.

Raqamli formatning afzalligi shundaki, bunda stereotovush va tovush 5.1 formatda uzatiladi. Televizorga beshta oddiy va bitta past chastotali kolonka ulaniladigan bo`lsa, uy kinoteatri sifatiga erishish mumkin bo`ladi. Ayni paytda ikkita milliy telekanal ko`rsatuvlarni HD formatida efirga uzatmoqda. Boshqa telekanallar ham sifatli HD formatiga bosqichma-bosqich o`tadi.

Mamlakatimizda barcha aholi punktlarini raqamli televidenie bilan qamrab olishni ta`minlash maqsadida 90 quvvatli va 404 kamquvvatli uzatish qurilmalarini o`rnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, sun`iy yo`ldosh aloqa operatorining ma`lum segmentini ijaraga olish hisobidan mahalliy aholining raqamli televidenie xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi, davlat teleradio dasturlari olis aholi punktlariga ham etkaziladi.

Raqamli televidenieni ko`rishni istagan oddiy tomoshabin o`z televizorining DVB-T2 standartiga mos kelishini tekshirib ko`rishi lozim. Ayni paytda O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlar mazkur standartdagi raqamli tyuner bilan jihozlangan. Yurtimizda nafaqat raqamli signalni qabul qiladigan, balki Smart-TV va IP-TV texnologiyalariga ham mos keladigan zamonaviy televizorlar ishlab chiqarilmoqda.

    Boshqa yangiliklar