AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV PARKENTDAGI MAHALLAGA KIRIB O`TDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV PARKENTDAGI MAHALLAGA KIRIB O`TDI'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 22 iyul kuni Parkent tumanidagi «Markaziy» mahalla fuqarolar yig`iniga tashrif buyurdi, deb yozadi O`zA.

«Markaziy» mahalla fuqarolar yig`ini uchun yangi bino, mahalla guzari barpo etilgan. Bu erda yig`in xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilgan, ular kompyuter, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta`minlangan. Profilaktika inspektori xonasida mahalladagi jamoat joylariga o`rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor o`rnatilgan.

Mahalla to`g`risida qonun, sharoit bor, lekin mahalla raisining javobgarligi, quyi tizim yo`q edi, dedi davlatimiz rahbari. Endi mahalla fuqarolar yig`iniga katta vakolat va imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi maslahatchilar bilan birga o`z hududining egasi bo`lib, har bir xonadondagi holatni, odamlarning talablarini bilishi va unga ko`mak berishi kerak.

Mahalla idorasi aholi bilan yanada yaqin bo`lishi uchun ularni maktablar binosida joylashtirish mumkinligi, bu yoshlar tarbiyasi, hamjihatlik va tartib-intizomni mustahkamlashda muhim o`rin tutishi ta`kidlandi.

Shu erda ichki ishlar tizimi tomonidan olib borilayotgan profilaktika ishlari, "Xavfsiz dam olish" konsepsiyasi haqida ma`lumot berildi.

Prezidentimiz Toshkent viloyati, jumladan, Parkent tumanida turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat borligi, buning uchun dam oluvchilar va aholining xavfsizligini ta`minlash, odamlarni shu yo`nalishda oilaviy tadbirkorlikka o`rgatish kerakligini ta`kidladi.

Shavkat Mirziyoev mahalla guzarida faoliyat yuritayotgan tikuvchi va kasanachi ayollar bilan suhbatlashdi.

Mahalla idorasi hovlisida tumanda 2 suv ombori qurish, tomchilatib sug`orish asosida qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish, tokzorlar tashkil etish, Parkent shahrining 2036 yilgacha mo`ljallangan bosh rejasi, ko`p qavatli uy-joylar, yo`llar, bozor, istirohat bog`i va boshqa ob`ektlar barpo etish loyihalari namoyish etildi.

Prezidentimiz Parkentsoy va Qizilsoy suv omborlarining tuman iqtisodiyoti, aholi daromadlarini oshirishdagi ahamiyatiga urg`u berdi. Ushbu suv omborlari qurilishi natijasida 5 ming 800 gektar er muntazam suv bilan ta`minlanadi. Ya`ni 3 ming 900 gektar lalmi erga suv chiqariladi, 1 ming 900 gektar erning suv ta`minoti yaxshilanadi.

Prezidentimiz lalmi maydonlarni to`liq meva-sabzavotchilikka o`tkazish, xaridorgir mahsulotlar etishtirishni ko`paytirish lozimligini ta`kidladi.

Parkentda erkin iqtisodiy zona tashkil etib, 100 million dollar investisiya kiritish, tuman imkoniyatlari va bozor talabidan kelib chiqib, ishlab chiqarish yo`nalishlarini belgilash, shu bilan birga, aholi o`rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, viloyat iqtisodiyoti uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash masalalariga ham e`tibor qaratildi.

Boshqa yangiliklar