1

​BUGUN O`ZBEKISTON PREZIDENTI ShAVKAT MIRZIYoEV TAVALLUD AYYoMINI NIShONLAMOQDA

Jamiyat 24.07.2017, 10:05
Teglar: Shavkat Mirziyoev, Prezident
​BUGUN O`ZBEKISTON PREZIDENTI ShAVKAT MIRZIYoEV TAVALLUD AYYoMINI NIShONLAMOQDA

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`zining 60 yoshli yubileyini nishonlamoqda.

Davlatimiz rahbariga ijtimoiy tarmoqlar orqali tunning qoq yarmidan butun O`zbekiston ahli tabrik va tilaklarini yo`llamoqda.

Qutlovlarda xususan shunday so`zlar bitilmoqda:

“Yurtboshimizga mustahkam sog`lik, barkamollik tilaymiz! Oila a`zolaringiz, o`zbegimiz baxtiga sog`-omon bo`ling! Sizni hamisha qo`llab-quvvatlaymiz va Sizga ishonamiz! Eng ezgu va samimiy tilaklarimizni yaqin va olisdagi xalqingiz nomidan qabul etgaysiz!”

Shavkat Miromonovich Mirziyoev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug`ilgan. Oliy ma`lumotli, 1981 yili Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dosent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o`qituvchi, dosent, o`quv ishlari bo`yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko`rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo`shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M.Mirziyoev 2003 yilda O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M.Mirziyoev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslahatdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Sh.M.Mirziyoev Hukumat boshlig`i sifatida keng ko`lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizasiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o`zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.

Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan ta`minlash ishlariga ustuvor darajada e`tibor qaratdi.

Yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko`rsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko`lamli va samarali tadbirlarni amalga oshirdi.

Sh.M.Mirziyoevning faoliyatida sosial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta`lim, fan, sog`liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog`lom va barkamol bo`lib voyaga etishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o`rin egalladi.

O`zini o`zi boshqarishning noyob instituti bo`lgan mahallaning nufuzi va obro`sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy ma`naviy qadriyatlarni e`zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e`tibor qaratdi.

Qayd etilganlar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama o`zaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qildi.

2016 yil 8 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisida parlament palatalarining qo`shma qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklandi.

19 oktyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s`ezdi bo`lib o`tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a`zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to`g`risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tgan Prezident saylovi yakunlari bo`yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o`z vazifasini bajarishga kirishdi.

Sh.M.Mirziyoev oilali, ikki qiz, bir o`g`li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Mirziyoeva – mutaxassisligi bo`yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Sh.M.Mirziyoev davlat va boshqaruv organlaridagi ko`p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo`shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

Sharhlar

Prezident ko`mir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi

13.05.2024, 17:53

Prezident Shavkat Mirziyoev 13 may kuni ko`mir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Aholi va iqtisodiyotning o`sib borayotgan...
Prezident Rossiyaga etib bordi

08.05.2024, 17:04

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 may kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. “Vnukovo” xalqaro aeroportida davlatimiz...
Prezident yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

07.05.2024, 14:24

Mirziyoev Vengriya, Eron, Chexiya, O`mon va Jazoirning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Prezidentimiz Chexiya Respublikasi O`zbekistonning Evropa...
Prezidentning Tojikistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi

19.04.2024, 18:05

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Kuni kecha O`zbekiston rahbari Prezident Emomali Rahmon...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1