Yangi Zelandiyada uchta quyon otardagi qo`ylarning elkasiga minib, suv toshqinidan jon saqladi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
Bunday g`ayrioddiy hodisaga 22 iyul kuni Ferg Xorn nomli erkak Danedin shahrida ro`y bergan suv toshqini vaqtida guvoh bo`ldi. 64 yoshli Xorn o`ziga tegishli bo`lgan otardagi qo`ylarning elkasidagi qora dog`ga ko`zi tushdi. U mazkur dog`larni ko`rib hayron bo`ldi va ularni suv toshqini vaqtida yopishib qolgan axlat, deb o`yladi. U dog`larga diqqat bilan tikilib, ularning uch nafar quyon ekanligini ko`rdi.
Erkak smartfonini olib, quyonlarni suratga oldi. Uning so`zlariga qaraganda, quyonlar suvda ivib ketganiga qaramay, o`zlarini juda yaxshi his qilgan. Qo`ylar sakkiz santimetrli suv ostida bo`lgan. Yangi Zelandiyada quyonlar zararkunanda hayvon hisoblanib, aksariyat hollarda fermerlar ularni otib tashlaydi. Ammo Xorn quyonlarning ahvolini ko`rib, rahmi keldi va ularning hayotini saqlab qoldi.
Xorn qo`ylarini quruq joyga olib chiqqunga qadar, quyonlar qo`ylarning elkasidan tushmadi.Oradan bir necha daqiqa o`tgach, otarni ko`zdan kechirishga kelgan Xorn quyonchalarning qochib ketganligini ko`rdi. Fermer mazkur voqea aks etgan suratlarni o`g`liga yubordi, o`g`li esa bu suratlarni mahalliy gazetaga yubordi hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi.