1

​ «Erimning qamalishiga men aybdorman…»

Mutolaa 26.07.2017, 16:30
​ «Erimning qamalishiga men aybdorman…»

Hafiza ko`zlarini ochganida kun yorishib, soat sakkizga yaqinlashib qolgandi. Sapchib o`rnidan turdi-yu, yonida shiringina uxlab yotgan qizini elkasidan turtdi. U injiqlana boshlagach, «Tez tur, bog`chaga borishing kerak», deya o`g`illarining xonasiga yo`l oldi.

Bog`chaga borishni istamaganidanmi yo onasi turtkilaganda qo`rqib ketgani sababmi, Lola yig`lagancha unga ergashdi.

— Turinglar, to uyg`otmagunimcha uxlab yotaverasizlar! — Hafiza ikki o`g`liga jahl bilan gapira boshladi.

Biri beshinchi sinfga, biri ikkinchi sinfga boradigan bolalar o`rnidan turishdi-yu, soat nechchi bo`lganini bilish uchun devorga tikilishdi. Ko`zlarini ishqalay-ishqalay soat millarining biri sakkiz raqamining ustida turganini ko`rishgach, ikkisi ham yuvingani vannaxonaga yugurishdi. Aka-ukaning «men, men» deya tortishayotganini ko`rgan ona alamzadalik bilan tanbeh berdi.

— Kecha vaqtliroq uxlash kerak edi, televizorga tikilib o`tirmasdan. Dadalaringizga o`xshab, hech nimani vaqtida qilmaysizlar.

Aksiga olib, qizi «Dadamga boraman», deya yig`lay boshladi.

— «Dada-dada» deyavermay tur sen ham! Har kuni borib ko`rib keladigan joyda bo`lsa ekanki dadang, yugurib olib borsam, — qizini siltaladi Hafiza.

Bolalar nonushta ham qilmasdan apil-tapil kiyinishdi. Qizi yig`idan to`xtamagan bo`lsa-da, Hafiza uni ham bog`chaga ketish uchun shayladi. Bolalarini etaklab uydan chiqarkan, qo`shnisining mashinasi darvozlari oldida to`xtadi.

— Hafiza opa, o`g`illaringizni o`zim tashlab qo`yaman maktabga, — dedi Murod Hafiza uning salomiga bazo`r alik olsa-da.

Jamshid bilan Rashid onasining roziligini kutib o`tirmasdanoq mashina tomon chopishdi. Murod yo`lda ularni uchratsa, doim mashinasiga mindirib olgani uchun ham bolalar undan tortinishmasdi. Qolaversa, onasining kayfiyati yo`qligi, to maktabga borguncha yana dakki eshitishlarini mumkinligi sezishardi. Hafiza qo`shnisiga til uchidagina «Rahmat» dedi, xolos.

«Erim ishiga puxta, pishiq bo`lganida, hozir shunaqa qilib uch bola bilan ertalabdan sarson bo`lib yurmasdim. Mana, Murod, ataylab o`g`illarimni mashinasiga mindirdi. O`zini ko`rsatib qo`ymoqchi-da!» deya xayolidan o`tkazdi juvon. Murod huquq sohasida ishlagani bois erining ishi bo`yicha maslahat so`rab borganida, «Opa, qonun hamma uchun barobar», deya ma`ruza o`qishdan nariga o`tmagandi.

Bog`chaga borgach, Hafizaning bir dardi ikki bo`ldi. Bog`cha pulini to`lash muddatidan o`tib ketayotganmish. Qizining tarbiyachisi bu so`zlarni uni pisand qilmagan ohangda aytgandek tuyuldi. «Javohir akam mansabda o`tirganida, oyda bir kelsam ham, atrofimda girdikapalak bo`lib qolardingiz», degan gap ayolning tilining uchida turardi-yu, yana indamadi. Oldin birorta ham bayramda qizining tarbiyachisini sovg`asiz qoldirmasligini, uyda ham pul faqat bir ro`zg`or qilishga etgulik ekanligini o`ylab, Hafiza qaynonasiga qo`ng`iroq qilishga tutindi. Yaqinda bolalarining maktab kiyimlarini olib bergan qaynonasi nafaqasi kelishi bilan etkazishini aytganida, gapni shartta kesdi.

— Qaynakamdan olib bering! Men so`rasam, keliningiz labini buradi! — Qaynonasi «Xo`p, bugun» deya gapinini tugatmasdanoq Hafiza ertalabdan yuragini kuydirayotgan alamlarini to`kib soldi. — O`g`lingizning qo`lida pul o`ynab turadi, ukasining bolalaridan esa xabar olishni ham bilmaydi. O`shanda prokurorga ozgina tutqazganida, kambag`al bo`lib qolmasdi.

O`lmasoy aya kelinining gaplarini eshitarkan, yuragi uvishib ketdi. Shuncha yil o`qitgan, hamma joyda otasiga rahmat olib keladigan o`g`li bir kunda pora bilan qo`lga tushdi-yu, qamalib ketdi. Ona farzandining, o`zining, oilasining bir pul bo`lgan obro`-e`tiboriga kuysinmi yoki qirqqa ham kirmagan o`g`lining qamoqda o`tirganigami? Javohir qamalganidan beri O`lmasoy aya ikki kishiga qo`shilish tugul ostona hatlab ko`chaga chiqishga ham iymanadi. Bir-ikki kun Hafizalarnikida turib keldi. Harna nevaralarga qarab o`tiraman, degan o`yda. Qolaversa, Javohir ham «Oyi, bolalar yolg`iz qolmasin, biznikida yashab turing», degandi. Biroq kelinining qosh-qovog`i, diydiyolari, nolishlari, Javohirni go`llikda ayblashlari ezilgan yuragini battar timdaladi. Qon bosimi oshib ketgach, kenja o`g`li uyiga qaytarib olib keldi. O`lmasoy aya hozir to`ng`ichiga qo`ng`iroq qilsa, uning birinchi aytar gapi «Javohir qilmishiga yarasha oldi! Men gapirsam, qulog`iga ilmagandi» bo`ladi. Kattasi o`zi yomonmas, ukasining bolalaridan hech nimani ayamaydi, faqat haqiqatni sharta-sharta aytadiganlardan. O`zi doim mehnat qilib, halol rizq topgani uchun ham ukasining xatosini hech kechira olmayapti-da.

Hafiza esa bo`lgan voqeadan hamon o`ziga dars olmagan. Uning peshanasi sho`r va bunga o`zidan boshqa hamma aybdor.

Eri tuppa-tuzuk ishda ishlardi. Halolligi, uddaburonligi sabab yosh bo`lsa ham, lavozimidan tez ko`tarildi. Besh yil bir bankni boshqardi. Hafiza yolg`iz, erka qiz bo`lgani uchunmi, qaynonasining xizmatini qilishni ko`p ham istayvermasdi. Ustiga-ustak, qaynota to`shakka mixlangan. Uning parvarishi garchi qaynonaning zimmasida bo`lsa ham, kunda-kunora kelib-ketuvchi qaynopalariu ovsinlariga choy-non qo`yish ham malol kelardi unga. Erining oylik maoshi esa odatda qaynotasining dori-darmoni va ukasining shartnoma puliga ketib qolardi. Shu vajlar tufayli ham Hafiza alohida chiqishni istardi. Javohirni bunga ko`ndirguncha har nima qilib ko`rdi. «O`zimiz erkin yashaymiz», deb tushuntirdi —ko`nmadi, «Jonimga tegdi bu uyning ado bo`lmaydigan tashvishlari» deya zorlandi — Javohir kir mashina olib berib ovutdi, oxiri qaynonasi bilan tortishib ikki bolasini etaklab uyiga ketdi va shart qo`ydi: «Alohida chiqsak, ketamiz!» — eri nailoj, ota-ona rozilik bergach, hali to`liq bitmagan hovliga chiqishga majbur bo`ldi. Er-xotin alohida ro`zg`orning aravasini tortish osonmasligini ko`p o`tmay tushunishdi. Hafiza qaynota-qaynonasining nafaqasi ham ko`p yuklarini engil qilib turganini ich-ichidan tan oldi. Biroq erining qo`shimcha daromad qilish imkoni borligini bilgani uchun bundan afsuslanib o`tirmadi. Qaytanga Javohirni niqtay boshladi. «Oldingizga iltimos qilib kelganlarning ishini siz hal qilmasangiz, boshqasi bitkazib berib, rohatini ko`radi», deya turmush o`rtog`ini o`zi o`ylagan «qo`shimcha daromad»ga unday boshladi. Javohir ham yosh edi, buning ustiga, irodasi ham bo`shlik qildi, atrofida qulluq qilib, har nega shay turganlar, uyga kelsa, xotinining falonchi-falonchilar bilan solishtirishlari o`z so`zini aytdi. Imi-jimida mijozlarining ishini bitirib, ularning ko`ngildan chiqarganlariga imoratining ta`mirini yakunlab oldi. Ko`p o`tmay «toychoq»lik ham bo`ldi. Qarasa, hech kim bilmayapti, hamma rozi, ayniqsa, xotini ishdan qaytganida erini o`tirg`izishga joy topolmay qoladi. Javohir o`zidan mamnun yashay boshladi.

Otasi olamdan o`tgach, akasi unga nasihat qildi:

— Javohir, qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqadi. Shuncha o`qiding, mehnat qilding, hurmat topding, bir-ikki so`mni deb bir kunda hammasini boy berishing mumkin. Ko`zingni och, harom pul hech kimga buyurmaydi, — dedi.

Javohir akasining mehnatdan qavargan qo`llariga boqib miyig`ida kuldi.

— Fermangizda ishchilarni ko`paytirib, o`zingiz maza qilib boshqarib yursangiz bo`lmaydimi? — dedi nima deyishni bilmay.

— Bo`ladi, lekin o`zim mehnat qilmasam, ko`nglim joyiga tushmaydi. Yaxshisi, sen ham halol mehnat ortidan daromad qilishni o`yla! — deya oxirgi gaplarini alohida urg`u bilan aytdi akasi.

Boylik ko`zini ko`r qilib qo`ygan uka bir necha kun halovatsiz yurdi. Akasining gaplari ko`ngliga qattiq botdi. O`tgan hafta onasini ko`rgani borganida, volidasi ham shu mavzuda biroz yozg`irgan, otasi bir umr halol mehnat qilib, kam bo`lmaganini, elning duosini olganini aytib, ko`zlari yoshlangandi. Javohirning mayus tortib qolganining sababini bilgan xotini esa shang`illashga tushdi.

— Akangiz o`zi doim shunaqa! Asli sizni ko`rolmaydi! Imorat boshlaganimizda qo`lida bir so`m pul yo nimadir ko`tarib kelmadi-ku! Endi katta ketishini qarang. Yo`q bo`lsa, berolmaydi, bor bo`lsa, ko`rolmaydi, deb shuni aytishadi. Siz harom ish qilayotganingiz yo`q! Odamlarning hojatini chiqarayapsiz! — deya ukaga akani yomonladi.

Shu voqeadan ko`p o`tmay Javohir pora bilan qo`lga tushdi. Oqibatda bari kirdikorlari ochila boshladi. Poraxo`rlik sabab esa sud qamoq jazosiga mahkum qildi. Hafiza u yoq-bu yoqdan tanish topib, yana pul bilan hammasini bosdi-bosdi qilish taraddudiga tushdi, bundan xabar topgan qaynakasi «Javohir o`zi pora bilan qo`lga tushgan bo`lsa! Yana shu qing`ir yo`l bilan uni qutqaraman deb, battar qilmang, kelin» deya ogohlantirishini bemerhlikka yo`ydi. Erining mashinasini sotib, «Qamoqdan qutqarib beraman», degan bir yolg`onchining qo`liga tutqazdi. Ammo pulning kuchi emas, qonun ustuvorlik qildi.

Mana, jazo muddatining bir yildan oshig`i o`tdi. Hafiza erini ko`rishga boravermaydi. Chunki bir gal Javohir «Sening ko`zing to`ymadi», deya o`tgan gaplarni yuziga soldi. Shu sabab ham «Keksayganda bolalarimning rohatini ko`raman», degan onaizor ikki o`rtada sarson.

***

Hafiza qaynonasiga achchiq qilib ham, xotirjam tortmadi. Tilida erini notavonligi sabab qo`lga tushgan desa-da, ko`ngli o`zining noshukrligini tan olib, alam battar kuydirardi. Tushlikka endi unayman deb turganida, kichik o`g`li maktabdan yig`lab keldi. Usti-boshi bir ahvol, kim bilandir urishgani aniq.

— Oyi, dadam qamoqdami? Said shunaqa dedi! «Seni otang harom pul bilan qamalgan», deb aytdi, — dedi sakkiz yashar bolasi o`pkasini bosolmay. Kattalar bolalarga otasini safarga ketgan deya aldashardi-da.

Hafiza ertalab o`zi urisha-urisha maktabga jo`natgan bolasini bag`riga bosib, qanday ovutishni bilmay qoldi.

«Bolalarimiz kelajagi uchun» deb, er-xotin pul sanagan, yangi nimadir olishsa, xursand bo`lgan kunlari ko`z oldidan o`tib, yuragini afsus-nadomat doimgidan-da qattiqroq kemirdi...

Shoira VAFOEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1