1

​TURKIYa VA O`ZBEKISTON MUDOFAA VAZIRLARI UChRAShIShDI

Jamiyat 27.07.2017, 09:15
​TURKIYa VA O`ZBEKISTON MUDOFAA VAZIRLARI UChRAShIShDI

2017 yilning 26 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida Turkiya Respublikasi Mudofaa vaziri Nurettin Janikli boshchiligidagi delegasiyasining O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Qobul Berdiev bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab Turkiya bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratib kelmoqda hamda davlatlar o`rtasidagi an`anaviy do`stona munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, Turkiya Prezidenti R.Erdoganning 2016 yil noyabridagi O`zbekistonga (Samarqand shahri) qilgan tashrifi har ikki davlat o`rtasidagi ko`p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo`ldi va O`zbekiston-Turkiya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi.

So`nggi yillarda harbiy va harbiy-texnik sohalardagi davlatlararo munosabatlarda ijobiy tendensiyalar ko`zga tashlanmoqda. Turkiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy o`quv muassasalari va markazlarida o`tkaziladigan 12 ta tayyorgarlik kurslarida O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini 2018 yilda o`qitishni tashkil qilish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

Har ikki mamlakatning o`zaro hamkorlik masalalari butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta`minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

2017 yil iyunida «NUROL» kompaniyasining «EJDER 4x4» tipidagi engil zirhli avtomobillarining O`zbekiston sharoitidagi sinovlari muvaffaqiyatli o`tdi. Hozirgi vaqtda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun mazkur o`nlab harbiy texnikalarni xarid qilish, shuningdek ularni Turkiya tomoni investisiyalarini jalb qilgan holda O`zbekiston hududida hamkorlikda ishlab chiqarish yoki qo`shma korxona tashkil qilish masalalari ham ko`rib chiqilmoqda.

O`zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari harbiy-ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari tarkibining o`zaro tajriba va bilim almashishlarini amalga oshirish maqsadida tomonlar harbiy ta`lim sohasida hamkorlik to`g`risidagi hukumatlararo bayonoti loyihasini ishlab chiqmoqda. Harbiy-texnik sohadagi ikki tomonlama o`zaro munosabatlarga to`xtalganda, avvalo, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ehtiyojlari uchun qurol-yarog` va harbiy-texnik mulk xarid qilish maqsadida grant vositalarini taqdim etish amaliyotining qayta tiklanayotganini ta`kidlash joiz.

Uchrashuv davomida tomonlar har ikki davlatning mudofaa idoralari o`rtasida do`stona, uzoq muddatli va ochiq munosabatlar mavjudligini ta`kidlab o`tdilar hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, ikki mamlakat xalqlarining manfaatlarini ko`zlovchi o`zaro hamkorlik va ishonchni yanada mustahkamlash yo`lidagi faol amaliy dialog bundan buyon ham rivojlanishiga ishonch bildirdilar.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1