Joriy yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirgan ayrim abiturientlar 086-U-shakl bo`yicha soxta tibbiy ma`lumotnoma taqdim etgan. Bu haqida TDYuU qabul komissiyasi ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, TDYuU qabul komissiyasi vakillari hujjatlarni sinchiklab o`rganib chiqqanda o`nlab abiturientlar soxta tibbiy ma`lumotnomalar taqdim etayotganligi ma`lum bo`lgan. Soxta tibbiy ma`lumotnomalar original ma`lumotnomaning skanerlangan va rangli printerdan chop etilgan varianti bo`lib, har bir abiturientning rasmi alohida yopishtirilgan edi.
Abiturientlar bilan bo`lgan suhbatda, mazkur ko`rinishdagi soxta tibbiy ma`lumotnomalarni 10 ming so`mdan 20 ming so`mgacha bo`lgan miqdordagi haq evaziga sotib olishganligini ma`lum qilishgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risida”gi nizom talablariga ko`ra, abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta`lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o`rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Mazkur qoidadan kelib chiqib, ushbu abiturientlar test sinovlaridan chetlashtirildi va hujjatlar Yunusobod tuman IIBga yuborildi. Hozirda surishtiruv ishlari ketmoqda.