Bugun – Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida yurtimizning barcha hududlarida Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug`anievich Karimovni xotirlash tadbirlari bo`lib o`tdi.
Milliy urf-odatimizga binoan ushbu marosimlarda elga osh tortildi. Birinchi Prezidentimiz xotirasiga Qur`on tilovat qilinib, duoi fotiha o`qildi, deb yozadi O`zA.
Toshkent shahrida bo`lib o`tgan ana shunday marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.
Xotira tadbirlarida vatandoshlarimiz, keng jamoatchilik vakillari Islom Karimovning mustaqil O`zbekiston davlatini barpo etish borasidagi buyuk xizmatlarini yana bir bor esga oldilar.
Xalqimiz o`zining istiqlol yillarida erishgan barcha olamshumul yutuqlari va natijalarini haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan uzviy bog`liq, deb hisoblaydi. Islom Karimov nafaqat O`zbekiston, balki jahon miqyosida ham katta hurmat va obro`-e`tiborga sazovor bo`lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgan edi.
Islom Karimov 1991 yil 31 avgust kuni Vatanimiz mustaqilligini e`lon qildi va g`oyat qaltis, tahlikali bir vaziyatda og`ir qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, tarixan qisqa davrda O`zbekistonni jadal va barqaror sur`atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.
Islom Abdug`anievich o`z faoliyati, butun ongli hayotining ma`no-mazmuni bo`lgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan ezgu g`oyani ilgari surdi va bu shior barchamizning, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi. Ulug` Yo`lboshchimiz ana shu buyuk vazifani hamma vaqt, har qanday vaziyatda ham sharaf bilan ado etdi, bu yo`lda beqiyos kuch-g`ayrati va aql-zakovatini, kerak bo`lganda, hatto aziz jonini ham ayamadi. U butun umr “Elim deb, yurtim deb yonib yashash kerak” degan da`vatga amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratib ketdi.
Ko`p millatli O`zbekiston xalqining qalbidan chuqur joy olgan Birinchi Prezidentimizning so`nmas xotirasini abadiylashtirish bo`yicha o`tgan davr mobaynida yurtimizda katta ishlar amalga oshirildi.
Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Birinchi Prezidentimiz siymosi tasvirlangan haykallarni yaratish, ulug` Yo`lboshchimiz xotirasini abadiylashtirish, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasini tashkil etish bo`yicha muhim qarorlari qabul qilindi.
Yurtimizda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, mamlakatimizdagi yirik muassasa va ob`ektlar, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko`chalarga Islom Karimov nomi berildi.
Yaqin vaqt ichida poytaxtimizdagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy memorial majmua, Samarqand shahridagi Islom Karimov dafn etilgan hududda maqbara, shuningdek, Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Birinchi Prezidentimizning muhtasham haykallari tantanali ravishda ochilishi kutilmoqda.
O`zining noyob iste`dodi, doimo uzoqni ko`zlab ish yuritishi, donishmandlik, mardlik va olijanoblik fazilatlari bilan barchamiz uchun el-yurtga cheksiz mehr va sadoqat timsoli bo`lib qolgan Islom Karimovning yorqin xotirasi xalqimizni doim yuksak maqsad va marralar sari ruhlantiradi.