Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Alisher Sa`dullaev Navoiy viloyati bo`ylab safar uyushtirgani haqida avvalroq xabar bergandik. Safari davomida u ota-onalarning yozgi ta`tilda bolalari bilan qanday ishlashi va ularni nimalar bilan band qilishlarini o`rganish maqsadida oilalarga tashrif buyurdi. O`z ko`rganlari bilan vazirning yosh o`rinbosari Feysbukdagi sahifasi orqali o`rtoqlashdi.
“Mo``jazgina, kamtarin bir xonalik “uyda” uch farzandli oilaning istiqomat qilayotganini ko`rdik. Ular bu uyda vaqtinchalik yangi uy qurayotganligi tufayli yashayotganliklarini aytishdi. Men esa tabiiyki ishonmadim, bizning xalq juda ham andishali va sabrli xalq. Har narsani ham yuz betlab aytaverishmaydi! Shundan so`ng, bolalar bilan suhbat qurdim. Oilaning katta farzandi (Aygerim ismli 11 yoshli qizcha) juda zehnli va zukko chiqib qoldi. Bor muammolarini birma-bir tap tortmay aytib berdi! Albatta Xalq ta`limi ham ota-onalarning farzandlari tarbiyasi bilan shug`ullanishini juda xohlaydi, chunki na`munali odob, xulq va fitratga, ota-ona tarbiyasi poydevor bo`ladi! Afsuski, ko`pchiligimiz ro`zg`or va boshqa tashvishlar bilan bo`lib, eng muhim jihatni (farzand tarbiyasini) yoddan chiqaramiz. Shu masalada bu oilaga ham qo`limizdan kelgancha yordam beraylik deb, yana tuman mutasaddilariga yuzlandik. Ularning aytishicha, tez kunda bu muammoni hal qilsa bo`ladi. Hal qilamiz ham! Axir shu xalqimizku bizni eng og`ir kunimizda ham qo`llab-quvvatlaydigan, sabr qiladigan va eng muhimi bizning xalqimiz hamisha umid bilan yashaydi! Nima bo`lganda ham, yaxshilikka yo`yishadi va kelajakka ishonib yashashadi. Balkim g`alati tuyular mening bu ohangda yozishim yoki ko`rgan-kechirganlarimni yoritib borishim, ammo bu odamlar shu kabi insonlarning bor-yo`g`i ikki yoki uch nafaridir! Biz birlashsak, bundanda ko`proq odamlarga yordam bera olamiz!”
Alisher Sa`dulaev bolalarning vaqtini unumli o`tkazish borasida o`zining quyidagi taklifini ilgari surdi:
“E`tibor bering, Aygerim Televizor qarshisida sehrlanib qolganday o`tiripti. Ularning uyida zamonaviy gadjetlar bo`lmasligi va hatto oddiy bir badiiy kitobni ham topolmasligingiz mumkin, lekin televizor bor! Aygerim “Bolajon” kanalini juda yaxshi ko`rar ekan, bu menda ushbu kanal dasturlarini yanada yaxshilash va boyitish fikrini uyg`otdi. Ota-ona bera olmayotgan bo`shliqni oz qismini bo`lsada shu oynaijahon orqali to`ldira olarmiz!”