O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkent davlat yuridik universiteti test sinovlari bo`lib o`tayotgan "O`zekspomarkaz" pavilonlariga tashrif buyurdi va jarayon bilan tanishdi.
Ma`lumki, abiturientlarga test sinovi o`tayotgan binoga telefon va shpargalkalar olib kirish taqiqlangan. Abiturientlar binoga kirishdan avval uch bosqichli tekshiruvdan o`tkazildi.
Biroq, talaba bo`lish istagidagi ayrim abiturientlar o`zlarining ixtirochilik qobiliyatlarini ham ishga solmoqda, deb yozadi "Novosti Uzbekistana" nashri.
Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirgan abiturientlardan biri o`z qo`llari bilan elektron shpargalka yasab, uni 2 kun avval bino hojatxonasiga yashirib qo`ydi. Test sinovlari boshlanishi bilan u hojatxonaga chiqib kelishga ruxsat so`radi. Yashirib qo`ygan joyidan qurilmani olgach, u xonaga qaytdi. Biroq, abiturient qayta tekshiruvdan o`tkazilgach, uning yonidan elektron shpargalka topildi hamda yigitcha test sinovlaridan chetlashtirildi.
Shu paytda "O`zekspomarkaz" paviloniga Bosh vazir Abdulla Aripov tashrif buyurdi. U abiturientning yonidan chiqqan elektron shpargalka bilan tanishar ekan, yigitchaga Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetiga o`qishga kirishni maslahat berdi.






