AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTONNING “MOLIYaVIY PIRAMIDA”SINI TAShKIL ETGAN AHMADBOY USTIDAN SUD IShI BOShLANDI

'​O`ZBEKISTONNING “MOLIYaVIY PIRAMIDA”SINI TAShKIL ETGAN AHMADBOY USTIDAN SUD IShI BOShLANDI'ning rasmi

Toshkent viloyat jinoiy ishlar sudida O`zbekistonning ilk “moliyaviy ehromi”ga asos solgan Ahmadjon Tursunboev ustidan ochiq sud majlisi boshlandi.

Buni viloyat sudi vakili Kun.uz’ga tasdiqladi. Uning so`zlariga ko`ra, ochiq shaklda tashkil etilgan sudga jinoiy ishlar bo`yicha sudya Dilshod Komilov raislik qilmoqda. Viloyat sudi xodimining aytishicha, 2 avgust kuni sud o`z ishini davom ettirgan. Birinchi majlis o`tgan haftada bo`lib o`tgan.

Eslatib o`tamiz, 2016 yil 16 iyun kuni O`zMTRK «Toshkent» telekanalida O`zbekiston hududida moliya piramidasi tashkil etgan, xalq orasida "Ahmadboy" deya nom qozongan, noqonuniy valyuta operasiyalari bilan shug`ullanib kelgan Ahmadjon Tursunboevning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan qo`lga olingani haqida qisqa maxsus reportaj namoyish etildi.

Unda Tursunboev — Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi «Chinoz halol chorva» va «Chinoz avto hamkor» mas`uliyati cheklangan jamiyatlari ta`sischisi ekani aytilib, u va xodimlari aholidan hech qanday kafolat bermagan holda eng kamida 100 foizlik yillik ustama bilan qaytarish sharti bilan milliy va xorijiy valyutada pullarni qabul qilib olgan. Ya`ni, tomonlar biror kor-hol sodir bo`lgan taqdirda pul topshirayotganlarning yaqinlari ularni qaytarishni talab qilmasligiga kelishgan. Qo`shimcha ravishda, Tursunboev oyiga 40 foizlik ustama bilan xorijiy valyutada qarzga pul berish bilan ham shug`ullangan.

Bu kabi amaliyotlarda ishtirok etganlar soni bir necha o`n ming kishini tashkil etgan.

Tursunboevning hisobchisi intervyuda kunlik aylanma 1 mln dollarni tashkil qilgani haqida gapirib, avval pul topshirganlarga keyin topshirilgan pullar hisobidan foizlar to`lab borilganini bildirgan edi.

Aholidan naqd pullardan tashqari avtomobillar, qimmatbaho buyumlar har oyda foizlar to`lab borish sharti bilan qabul qilingan. Bu jarayon hech qanday rasmiylashtirishlarsiz olib borilgan va faqat oddiy daftarga kimdan nima olingani yozib qo`yilgan.

Aholidan olingan mablag`larning bir qismiga chet eldan turli tovarlar va qimmatbaho buyumlar olib kelinib, tadbirkorlarga ustama foiz evaziga tarqatilgan. Ahmadboyning hashamatli uyidagi garajda joylashgan qimmatbaho avtomobillar: Cadillac Escalade, BMW, Lexus kabi qimmatbaho rusumli transport vositalari ham namoyish etilgan edi.

Shuningdek, aholidan 1 yilda 2ta qilib qaytarish evaziga qoramollar ham qabul qilingani, ular uchun fermalar tashkil etilgani ma`lum qilingandi. Xodimlardan biri shu maqsadda 5-6 ta ferma qurilgani, ularning har biri 5-6 ming tuyoq qoramol uchun mo`ljallangani haqida so`z yuritgan.

Tezkor tadbir orqali Ahmadboydan tashqari uning besh nafar yordamchisi ham qo`lga olindi.

Tursunboev va uning yaqinlari uylarida, shuningdek, unga tegishli kompaniyalar ofislarida o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 13,139 mlrd so`m hamda 12 mln dollar naqd pul topilgan edi.

Ahmadboy mashmashasiga respublikadagi taniqli kishilar, artistlar, qo`shiqchi va qiziqchilar ham aralashib qolgani, ya`ni ular ham firibgarga pul berishgani haqida xabarlar paydo bo`ldi. Bunga mashhur so`z ustalarining ayrimlari munosabatlarini ham bildirmay qolmadi.

Keyinchalik, moliyaviy firibgar halqdan olingan mlrdlab pullar va dollarlarni umuman qaytara olmasligini aytgandi. «Unikini bunga, bunikini unga berib, shu ishga kirib ketganman. Bankrot bo`ldim. Pul etkazib bera olmadim. Qancha odamdan qancha pul olinganini aniq bilmayman», — degan edi Ahmadjon Tursunboev.



    Boshqa yangiliklar