AsosiyJamiyat

​FARG`ONA VILOYaTIDAGI 15 MING 173 XONADON VA TAShKILOT ELEKTR VA GAZ TARMOG`IDAN UZILDI

'​FARG`ONA VILOYaTIDAGI 15 MING 173 XONADON VA TAShKILOT ELEKTR VA GAZ TARMOG`IDAN UZILDI'ning rasmi

Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste`mol qilish sohasida to`lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi va joylarda uning hududiy tuzilmalari tashkil etilib, faoliyat ko`rsatmoqda, debyozadi O`zA.

Majburiy ijro byurosi Farg`ona viloyati boshqarmasi tomonidan ham mazkur yo`nalishda muayyan ishlar amalga oshirilayotir.

Byuroning viloyat hududiy boshqarmasi va uning 19 tuman-shahar bo`limi faoliyati yo`lga qo`yilib, ma`muriy bino, zarur texnika vositalari bilan ta`minlanmoqda.

Joriy yil 1 iyun holatiga viloyat bo`yicha elektr energiyasidan 290 milliard so`mdan, tabiiy gaz bo`yicha 73,1 milliard so`mdan ortiq qarzdorlik vujudga kelgan va uning muntazam oshib borishiga yo`l qo`yilgan. Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tuman-shahar bo`limlari tomonidan bu qarzdorliklarni bartaraf etish choralari ko`rilib, qisqa vaqtda elektr energiyasi bo`yicha 70 milliard 585 million so`m, tabiiy gaz bo`yicha 24 milliard 489 million so`m undirildi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan 211 milliard 955 million so`m qarzdorligi bo`lgan 218 ming 363 iste`molchining manziliga talabnomalar yuborildi, 15 ming 173 xonadon va tashkilot tarmoqdan uzildi, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorligi yuqori bo`lgan ulgurji iste`molchilarning bank hisobraqamlariga to`lov talabnomalari qo`yildi.

Keng ko`lamli targ`ibot ishlariga qaramasdan, ayrim iste`molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni iste`mol qilish borasida hamon huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilmoqda. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning bo`limlari tomonidan 127 shunday holat aniqlandi. Huquqbuzarliklar oqibatida davlatga jami 107,3 million so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan. Byuro xodimlari tomonidan davlatga etkazilgan moddiy zararning 46,5 million so`mi undirilib, qolgan 60,8 million so`mini undirish choralari ko`rilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 112 jismoniy va 9 yuridik shaxsga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Majburiy ijro byurosining Buvayda tumani bo`limi xodimlari tomonidan tumandagi “Qo`ng`irot sardori fayz” bog`dorchilik fermer xo`jaligi rahbari Q.Tursunov dala shiyponida 11 kVt.li xorijda ishlab chiqarilgan don maydalovchi DKU dastgohi, 10 yoritish chirog`ini elektr tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulab, 2014-2017 yillar davomida jami 46,7 million so`m moddiy zarar etkazgani aniqlandi. Surishtiruv davrida fermer xo`jaligi rahbari tomonidan davlatga etkazilgan zarar to`liq undirilishi ta`minlandi. Ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.

Shu tumandagi Bobomurod Enazarov rahbarlik qilayotgan "Soyibjon Solihboy” fermer xo`jaligida ham elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Oqibatda 100 million so`mdan ortiq miqdorda zarar etkazilgan. Ayni paytda zararni undirish choralari ko`rilmoqda.

Unutmaslik kerakki, elektr energiyasi va tabiiy gaz to`lovlarini o`z vaqtida to`lash, tabiiy ne`matlardan oqilona foydalanish nafaqat oilalar farovonligini ta`minlaydi, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga hissa bo`lib qo`shiladi.

    Boshqa yangiliklar