O`zbekiston erkin iqtisodiy zonalaridan biri hududida bolalar o`yinchoqlarini ishlab chiqarish bo`yicha o`zbek-xitoy qo`shma korxonasi tashkil etiladi. Xitoy tomonidan Shangdong Sanhe Toy kompaniyasi hamkorlik qiladi,deb xabar berdi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi matbuot xizmati "Gazeta.uz"ga.
Mazkur loyihani amalga oshirish, shuningdek savdo-iqtisodiy va investision hamkorlik masalalari Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Laziza Qudratova va Shangdong Sanhe Toy raisi Song Chjinyuan uchrashuvida muhokama qilindi.
Uchrashuvda Toshkentning Olmazor tumanida bolalar o`yinchoqlarini ishlab chiqarish bo`yicha texnopark tashkil etishni ko`rib chiqish taklif qilindi.
Shangdong Sanhe Toy 2005 yilda tashkil etilgan bo`lib, AQSh, Kanada, Evropa Ittifoqi davlatlari va boshqa mamlakatlarga yumshoq va elektrli o`yinchoqlar etkazib beradi.
Ma`lumot uchun: 2016 yilda O`zbekistonga import qilingan o`yinchoqlar hajmi 2,1 mln dollarni tashkil etgan bo`lsa, 2017 yilda bu ko`rsatkich 29 foizga qisqardi. O`zbek bozoriga asosan XXR — 2 mln dollar (94%), Rossiya — 43,3 ming dollar (2,1%) va Litva — 16 ming dollar (0,8%) miqdoridagi o`yinchoqlarni etkazib bergan.