AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV IJODKOR ZIYoLILAR BILAN UChRAShDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV IJODKOR ZIYoLILAR BILAN UChRAShDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o`tkazdi. Uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyot va san`atimizni rivojlantirish bilan bog`liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo`llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o`tgan yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir, Prezidentning Davlat maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va xo`jalik birlashmalari, banklar, ijodiy uyushmalar, etakchi ommaviy axborot vositalari, madaniyat muassasalari, teatr va muzeylar rahbarlari, adabiyot, san`at va madaniyat sohasining atoqli namoyandalari, jurnalistlar ishtirok etdi. Videokonferensiya shaklida o`tgan uchrashuvda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Madaniyat vazirligi, ijodiy uyushmalarning hududiy bo`limlari, joylardagi madaniyat muassasalari, tele-radiokanallar, gazetalar rahbarlari, ijodkor ziyolilar qatnashdi, deya xabar beradi O`zA.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ma`ruza qildi.

Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori madaniyat va san`at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari rivojiga katta e`tibor berilmoqda. Ayniqsa, keyingi paytda bu soha ravnaqini yangi bosqichga ko`tarish bo`yicha ulkan ishlar qilinmoqda.

Xalqimizning boy madaniy merosini tiklash va o`rganish maqsadida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda O`zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda. O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, O`zbekistonning yangi tarixi markazi faoliyati yo`lga qo`yilmoqda. Kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va san`at sohasini takomillashtirishga katta e`tibor qaratilib, hududlarda ulug` san`atkorlarimiz nomi bilan ataladigan ijodiy maktab va markazlar tashkil qilinmoqda.

Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida yosh iste`dod egalarining iqtidorini yuzaga chiqarish borasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining uchrashuvdagi ma`ruzasida madaniyatimiz va san`atimizning rivojlanish jarayonlari, bu boradagi ijobiy tendensiyalar bilan birga, ayrim salbiy holatlar, ularning jamiyat hayotiga ta`siri xolisona va tanqidiy baholanib, o`z echimini kutayotgan dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish yo`llari haqida atroflicha fikr yuritildi. Ijodiy uyushmalar, Madaniyat vazirligi hamda uning tarkibidagi birlashma va tashkilotlar faoliyati chuqur tahlil etildi. Ijodkor ziyolilarning bugungi kunda jamiyat hayoti, islohotlar jarayonidagi o`rni va vazifasi haqida muhim va dolzarb fikrlar bayon qilindi.

Prezidentimiz xalqimizning ma`naviy kamolotida ijodkorlarning xizmati beqiyos ekanini alohida ta`kidlab, taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida barcha sohalar vakillari qatori madaniyat va san`at ahlidan ham yanada faollik, yangi-yangi ijodiy g`oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi talab etilayotganini ta`kidladi.

O`zbekistonda adabiyot va san`at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma`naviyat va ma`rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo`l qo`ymaymiz, deb ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz bo`lib o`tgan ochiq va samimiy muloqotning ahamiyati, mantiqiy natijasi haqida so`z yuritib, “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug` ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san`atimiz ham albatta bo`ladi”, degan fikrni qat`iyat bilan ta`kidladi.

Uchrashuvda so`zga chiqqan O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, akademiklar O.Salimov, R.Ubaydullaeva, Badiiy akademiya raisi A.Nuriddinov, O`zbekiston xalq shoirasi H.Xudoyberdieva, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi A.Slonim, O`zbekiston davlat konservatoriyasi professori S.G`afurova, O`zbekiston xalq artisti O.Nazarbekov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor H.Nasimov, Bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullaev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist J.Piyazov va boshqalar madaniyat, adabiyot va san`at sohasiga ko`rsatilayotgan yuksak e`tibor, samimiy muloqot uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, belgilab olingan maqsad va vazifalar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ijod ahlini yangi va sermazmun asarlar yaratishga ruhlantirishi, barcha ijodiy tashkilotlarni o`z faoliyatini qaytadan ko`rib chiqib, uni har tomonlama samarali tashkil etishga da`vat etishini ta`kidladilar.

    Boshqa yangiliklar