Respublika olimpiya zaxiralari kollejida yosh sportchilarni tayyorlash uchun mo`ljallangan "aqlli suv havzasi" qurilishi loyihasi taqdimoti o`tkazildi. Suv havzasini loyihalashtirishda zamonaviy normativlar e`tiborga olingan, suvni tozalaydigan "aqlli" tizimdan foydalanish ko`zda tutilgan, deb yozadi O`zA.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi, Chilonzor tumani hokimligi vakillari, sportchilar va o`quvchilar ishtirok etdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o`rinbosari O.Umarov va boshqalar zamonaviy texnologiyalar yosh sportchilarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi. Bu texnologiyalar yoshlarga o`z harakatlarini aniq bajarish, musobaqa chog`ida zarur strategiyani tanlash, natijalarini yaxshilash imkonini beradi.
Ayni paytda Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hududida sportchilarni olimpiya normativlariga muvofiq tayyorlash talablariga javob beradigan yangi sport-sog`lomlashtirish kompleksi barpo etilmoqda. Buning uchun Ispaniya va Daniyadan zamonaviy jihozlar keltirildi. Start tumbalari, bayroq o`rnatiladigan ustunlar, zinalar, basseyn tubi va yon devorlarini belgilash moslamalari Xalqaro suzish federasiyasi talablariga mos keladi. Bularning barchasi bo`lajak olimpiyachilarni zamonaviy sharoitlarda tayyorlash imkonini beradi.
Shuningdek, suv havzasi xavfsizligini ta`minlash va uning suvini tozalash tizimiga alohida e`tibor qaratilgan. Bu erda zamonaviy tozalash uskunasi va suvni tahlil qilish imkonini beradigan "aqlli" tizim o`rnatiladi. Suv havzasi zamonaviy isitish moslamalari bilan jihozlanadi va yil davomida faoliyat ko`rsatadi.






