1

​«SENI TAShLAB KETGANIM YoLG`ON, O`G`LIM!»

Mutolaa 07.08.2017, 14:56
​«SENI TAShLAB KETGANIM YoLG`ON, O`G`LIM!»

Charchaganimdan oyog`imda mador yo`q, tezroq taksi uchrashini kutib yo`l yuzida turardim. Boradigan manzilim uzoq bo`lgani uchun ko`p mashinalar rozi bo`lishmadi. Faqat ulardan biri «Taksist emasman, shunchaki yo`lim o`sha tomonda edi” dedi. “Menga nima farqi bor” dedim ichimda va orqa o`rindiqqa o`tirdim. Ko`p yurmasimizdan ko`zim uyquga ketay debdi…

— Shu qo`shiq xuddi men uchun aytilganga o`xshaydi – xaydovchining ovozidan sergaklandim.

—Qaysi qo`shiq? – dedim istar-istamas. Haydovchi magnitafon ovozini balandlatdi:

O`ksinmagin jon o`g`lim, polvon o`g`lim,

Seni tashlab ketganim yolg`on, o`g`lim.

Topmoq joyda yo`qotmoq ham bor ekan,

O`z holimga o`zim ham hayron, o`g`lim…

Agar sevgi-muhabbatga doir qo`shiq eshitganimda parvo qilmagan bo`lardim. Hozir esa bir haydovchiga qarayman, bir qo`shiq mag`zini chaqishga intilaman. Notanish kishi haqida turli xayollarga bordim. Qiziqishlarim tinchlik bermadi. Nega bunday deyotganini so`rashga jur`at qildim. Haydovchi biror ma`nili so`z aytmay, g`udranar, ketma-ket berayotgan savollarimga yakkam-dukkam davob qaytarardi. Men uzuq-yuluq, boshi-oxiri aralash eshitgan voqeamni bir tizginga solsa, quyidagi hikoya kelib chiqadi:

— Odina bilan institutda tanishganmiz. Unga qalbimni ochganimda, «Talabalik paytimda turmushga chiqmayman. O`qishni bitirib olaylik-chi, bir gap bo`lar», degan. Bu rad javobi emasliga ishonib, uni to`rt yil kutdim. Bu orada uyimdagilar meni uylantirish taraddudiga tushishdi. Sababi, o`qishga bir necha yil kirolmagan, talabalikka erishganimda esa uylanish yoshiga etgan edim. «O`zimning ko`zlaganim bor, o`qishni bitirgach, uylanaman», deb ota-onamga tushintirdim. Yolg`iz o`g`il bo`lganim uchun bo`lajak kelinga katta talablar qo`yishardi. Yuqoridagi gapimni eshitib, otam, onam va ikkita opam institutga borib, Odinani ko`rib kelishdi. U qiz hammaga birdek yoqadi, deb o`ylagandim, ammo Odina haqida salbiy fikrlarni qalashtirib tashlashdi. Birlari “Uyalib, erga qarab turmas ekan”, desalar, boshqalari “Zamonaviy kiyinar ekan” deyishdi. Ammo men oyoq tirab turaverdim. O`qishimiz bitdi, qo`lga diplomni oldik. Onam mening qaysarligim bilan sovchilikka bordi. Hatto to`yga bir kun qolganida ham qizdan ko`ngillari to`lmayotganini aytishdi, men esa qayta-qayta: «Uni to`rt yildan beri bilaman, yomon emasligiga ishonaman», derdim.

Shukrki, Odina yuzimni erga qaratmadi. Kelin bo`lib tushgan kunidanoq katta xovlini epladi, hech kimdan shirin muomalasini ayamadi. Ammo bir kam dunyo ekan. Yo`q, aslida Alloh bergan to`kis baxtdan bu kamlikni o`zimiz qidirib topgan ekanmiz.

— O`zlaring bemalol yurganlaringga betimni sidirib tashlab, so`raydigan bo`ldim. Xotining qizmi o`zi? – dedi bir kuni opam.

— Bu nima deganingiz? – jahlim chiqib ketdi.

— Nega unda?..

— Bilmadim!

Bu mavzu yana bir necha bor ko`tarildi. Javobim jahldan o`zgasi bo`lmadi. Kunlarning birida ishdan kelsam, ota-onam, ikkita opam, qaynona-qaynotam o`tirishibdi. Bir burchakdagi Odina tinmay yig`lardi.

— Nima gap? — dedim sekin.

— Sen qilolmagan ishni biz qilyapmiz. Kutish shunchalik bo`lar. Tag`inam insof bilan ikki oy chidadik, xohlasangiz «Qizim kuyovim bilan kelisholmabdi» denglar yoki boshqa bahona topinglar. Hoziroq qizingiz uyimizni tark etsin!» — dadam g`azab bilan baqirdilar.

— Mayli, ketamiz, ammo sizlar yanglishyapsizlar. Qanday qiz o`stirganimni yaxshi bilaman, — dedi qaynotam va jimgina uydan chiqib ketishdi. Odina ham menga yoshli ko`zlari bilan mo`ltiragancha ularga ergashdi.

Karaxt holga tushdim. O`zimga kelib, xotinimni ortidan yuguray deganimda, meni yo`ldan qoldirib bokira bo`lmagan qizga uylanganimni isbotlashga tushishdi. Ikkilandim. Nahotki, shu rost bo`lsa? O`shanda kuyovjo`ra bo`lgan sinfdosh do`stimga “Hammasi joyida” deb qo`ygandim. Maslahat ilinjida oldiga borib, bir boshdan gapirib berdim.

— Yo`g`-ey, o`rtoq, shunaqa ekanmi? Voy, yaramas-ey! Esingdami, to`ydan avval «Kelin «Kuyovjo`rani kursdoshlaringizdan qilmang, hammasini taniyman, uyalaman», deyapti», deganding. Sharmanda bo`lishini o`ylagan ekan-da. Bir tanobini tortib qo`y, o`zi xozir shunaqalar ko`payib ketdi, – dedi u.

Qizishib, darrov sudga bordim-da, ajrashish uchun ariza berdim. Bir oy o`tib qaynona-qaynotam qizlarini oldilariga olib kelishdi. Ularni haydab solishga chog`langan dadamning gapini qaynonam bo`ldi:

— Avval eshiting, quda. Qizimizni ham emas, nabiramizni o`ylab keldik. Kelingingiz xomilador. Gumonlaringiz asossiz ekan, shifokorga tekshirtirdik.

— Ha, endi ko`chadan orttirgan bolasini ham bizga tiqishtiryapsizlarmi? Juda mug`ombir odamlar ekansizlar-ku. Ko`zimga ko`rinmang!

«Homilador», «ko`chadan orttirgan» – shu ikki so`z miyamda tinmay aylanar, qay biriga tayanishni bilmasdim. Odina va ota-onasi yana indamay chiqib ketishdi. Avvalgidek yaqinlarim meni xotin olishda yanglishganimga ishontirishga tushishdi. Ikki o`t orasida qolgan edim. «Balki u mening bolamdir?» degan shirin xayolimni «Balki yo`q» degan shum taxmin chilparchin qilardi. Oradan ko`p o`tmay qaynonam eshigimizni qoqdi. Oldida oq xalatli shifokor ham bor edi.

— Ismim Nargiza. Oliy toifali akusher ginekologman – bosiq oxangda gap boshladi u. – Keliningizni tekshiruvdan o`tkazdim. Tasdiqlaymanki, u hamon bokira. Tibbiyotda bunday holat kuzatilgan. Ba`zilarda qizlik pardasi juda qalin va ichkarida joylashgan bo`ladi. Bunday ayollar hech bir to`siqsiz homilador bo`la oladilar. Keliningizda ham shunday bo`lgan. Uning hozir ikki oylik homilasi bor. Shifokor sifatida ham, ayol sifatida ham bola o`z ota onasi bag`rida o`sishi tarafdoriman.

— Bu navbatdagi nayrangmi? – dedi dadam – Ishonmayman, doktorlaring ham qizing kabi soxta! Barchasi uyushtirilgan!

— Sadqai odam ketlaring! Senlarga hayf gap! Qizingiz ham, nabirangiz ham bu odamlar qo`lida uvol bo`libdi! – dedi shifokor va shahd bilan o`rnidan turib ketdi.

— Shunchalik ishonmasangiz, boshqa o`zingiz xohlagan doktorga olib borib tekshirtiring, – dedi qaynonam ketish oldidan.

Kunlarim mazmunsiz o`tardi. Endi menga hech narsaning farqi yo`q bo`lib qoldi. Bir kuni tongda telefonim jiringladi. Odina.

— Doston aka, farzandli bo`ldik. Bu sizning o`g`lingiz! – ovozi bazo`r chiqardi.

— Juda yaxshi. Hozir etib boraman.

Ketishga chog`landimu, yana ikkilanib qoldim. Bu yog`i nima bo`larkin? Axir, oradan qancha gap so`zlar o`tmadi. Dadamga og`iz ochishga qo`rqib, onamga maslahat soldim.

— Qo`y, borma, bolam, nima bo`lganda ham endi kech. Bir haftadan keyin to`ying bo`lsa, ko`nglingni bo`lib nima qilasan?!

Ha, meni qo`yarda-qo`ymay o`zlarining ta`birlari bilan aytganda «onasi o`pmagan qiz»ga uylantirishdi. Ammo turmushimizning umri bir yilda yakun topdi. Farzand bo`lmagach, u mahallani boshiga ko`tarib ayyuhannos solib, «Avvalgi xotini bilan ham bekorga ajrashmagan, bu o`zi erkak emas» degan xulosa bilan oilamizni tark etdi. «Daraxtni silkitsang, qiz yog`iladi» deya qayta sovchilik ishini boshlagan opalarim hamma eshikdan quruq qaytishdi.

Yaqinda bo`lib o`tgan bir voqea maqsadsiz o`tayotgan hayotimda tub burilish yasadi. Ish joyimdan bir tadbirga jo`natishgan edi. Kechikibroq bordim. Eshikdan kirayotganimda ikki-uch yoshlardagi bir bola qoqilib tushdi.

— Isming nima, bolakay? — dedim uning turishiga yordamlashib.

— Davron, — dedi yonib turgan ko`zlarini menga qaratib. Negadir bu bola ko`zimga juda issiq ko`rindi. Qaerdadir ko`rgandekman. Ko`pincha bunday tadbirlarda eski qadrdonlar ko`rishib qolamiz-ku, deb o`yladim. Ichkariga kirsam, tadbir boshlangan, odam ko`pligidan o`tirishim uchun joy qolmagan edi. Eshik oldida tik oyoqda turaverdim. Orqa o`rindiqdan tanish ovoz eshitildi.

— Ey, bugun shanba, bog`cha bo`lmaganiga birga olib kelavergandim. Bir zum tinch turmaydi-ya!

Odina! Eshitayotgan quloqlarimga, ko`rayotgan ko`zlarimga ishonmasdim. Boyadan beri u yoqdan bu yoqqa yugurib yurgan bolakayni kuzatdim. Uni avval qaerda ko`rganimni topdim. Fotosuratlar albomida. Onam kichkinaligimdagi rasmimni ko`rsatib, «Bu sensan. Bir zum tinch turmaydigan to`polonchi bola eding», degandi. Endi u chindan ham mening o`g`lim ekanligiga ishondim. Ta`riflab bo`lmas holga tushib qoldim. Odina bilan nigohimiz to`qnashib qolishidan qo`rqib, tashqariga chiqib ketdim. Xuddi u erdan tezroq ketishim kerakdek katta-katta qadamlar tashlab, ko`zlanmagan manzil tomon oshiqardim…

— Xafa bo`lmangu, o`ta beqaror inson ekansiz, — dedim haydovchining hikoyasi tugagach. — Alloh sizga bir necha bor imkoniyat beribdi, lekin foydalana olmabsiz. Oxirgisini ham boy bermoqchimisiz endi?

— Nima ham qila olardim? Hammasi o`tib ketdi.

— Hammasi emas. Ayolingiz, o`g`lingizning oldiga boring. Oilangizni qayta tiklang.

— Buning iloji bormi?

— Albatta. Faqat kechiktirmang. O`zingizga ishoning.

— Bo`ldi, ularning oldiga boraman. Odinadan kechirim so`rayman. “O`g`lim, seni tashlab ketganim yolg`on”, deyman. To`g`ri aytdingiz, men beqarorman. Agar bu ishni ertagacha qoldirsam, yana kimlarningdir ta`siriga tushib, barbod qilishim mumkin. Bugunoq boraman, hoziroq!

MUBIYNA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1