Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov poytaxtimizdagi to`y va ma`rakalarni ixchamlashtirishga kirishdi, deb yozadi "1news.uz".
Shahar hokimi farmoyishi bilan tasdiqlangan tartibnomaga ko`ra, endilikda Toshkent shahrida to`y-hasham, tantana, marosim va boshqa oilaviy tadbirlarga taklif etilganlar soni 300 kishidan ortmasligi shart.
Bundan buyon yana Toshkentdagi to`ylarda kelin-kuyovning vals tushishi, pul sochishu gul otish hamda tort kesish taqiqlanadi.
Endilikda nikoh to`ylari, unashtirish, oqo`rar va fotiha marosimlari birlashtiriladi.
Cheklovlar jumlasiga yana quyidagilar kiritilgan:
- engil mashinalar sonini cheklash (faqat kelin-kuyovga);
- audio soz-ovozlarni pasaytirish;
- milliy qo`shiqlarni ko`paytirish;
- kelin salomni nikoh to`yi vaqtida to`yxonaning o`zida o`tkazish va turli sovg`alar berishni yo`q qilish.
To`y va azaga bog`liq ma`rakalar haqida mahalla fuqarolar yig`ini xabardor qilinishi shart etib qo`yilgan.
Bundan tashqari, o`tkaziladigan tadbirlarda diniy mavzudagi ma`ruza ko`zda tutilgan bo`lsa, faqat din sohasi vakili, imom-xatib tomonidan ma`ruza qilinishi shart qilib belgilandi.
Yangi tartibga muvofiq, FHDYo idoralari tomonidan nikohlanuvchi yoshlar ariza topshirish vaqtida yashash joylaridan, mahallalardan ma`lumotnoma olish talab qilinadi. Nikoh faqat ro`yxatdan o`tgan imom-xatib tomonidan o`qiladi.
Endilikda nikoh to`ylarida xonadonlardan odob-ahloq qoidalariga, sahna madaniyatiga va tashqi ko`rinish madaniyatiga qat`iy rioya etilishi ham talab qilingan.
Yangi tartibda kelinlarga qimmatbaho chet el mebellari, gilamlar va boshqa jihozlarning bo`lg`usi qaynonalar tomonidan talab qilishiga chek qo`yilgan.
Shuningdek, sepga kelinlik odobi, kuyovning oilaviy o`rni haqidagi adabiyotlardan qo`shish so`ralgan.
Qiz tomoni beradigan oshni faqat yaqin qarindoshlar (200 kishidan oshirmaslik) o`rtasida o`tkazish talab qilinadi.
Yangi tartibga muvofiq, qovurdoq, challar va quda chaqirish marosimlari bekor qilingan.
Muchal to`yi va aqiqa marosimini o`tkazmaslik so`ralgan.