AsosiyShou-biznes

​AKBARXO`JA RASULOV ROSSIYaGA KETGANI VA TEATRGA QAYTIShI SABABLARI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

'​AKBARXO`JA RASULOV ROSSIYaGA KETGANI VA TEATRGA QAYTIShI SABABLARI HAQIDA(EKSKLYuZIV)'ning rasmi

Aktyor Akbarxo`ja Rasulov "Darakchi" gazetasi mehmoni. Ekranda ko`pincha komedik janrdagi filmlarda ko`rinadigan aktyor, aslida jiddiy inson. U o`z dunyoqarashiga ega va hayotiy falsafasini ilgari sura oladigan ijodkorlardan...

— Sizni psixolog bilan hamkorlikda tayyorlanadigan loyihamizga taklif etganimda “Ichimdagi gaplarimni hammaga oshkor etishni istmayman” degandingiz. Akbarxo`jani yaqindan tanishlarini istmaysizmi?

— Psixolog bilan bog`liq bu loyihada ishtirok etmaganimga sabablar ko`p. Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlardan ro`yxatdan o`tganman. Meni yaqindan tanimoqchi bo`lganlar u erdagi suratlarim orqali ham ma`lumot olishlari mumkin. Shu ochiq-oydinlikning o`zi etarli, deb o`ylayman. Psixologiya qaysidir ma`noda biroz xavfli kasb. Ular oddiy ko`z qarash, gap-so`zlaringizdan ham hamma narsani bilib olishi hech gapmas. Men esa o`zimdagi boshqalar bilishi shart bo`lmagan ba`zi jihatlar oshkor bo`lishini xohlamadim.

— Ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz? Hatto yozgi mavsumda ham teatrdasiz, ishlar qizg`in shekilli...

— Bu savolingizga uzoq javob berishim mumkin (kuladi). Chunki “Diydor” teatr studiyasi ijodiy guruhi, aktyorlari bilan ish tartibimiz juda tig`iz, yangi asar ustida ishlash bilan bandmiz. Ayni kunlarda kinossenarist Yolqin To`ychiev ham bizning jamoamiz bilan birga, ilk bor o`zini teatr sohasida sinab ko`ryapti. Yolqin aka yangi “Monolog” spektaklining ssenariy muallifi. Asar sentyabrda premera bo`lishi rejalashtirilgan. Shuning uchun deyarli har kuni repetisiya bo`lyapti. Spektaklimiz g`oyasi haqida to`liq gapirib berolmayman. Ammo ishonaman, bu mavzuga hali yana qaytamiz.

— Akbarxo`ja, teatrda faoliyat yuritish siz uchun osonmi yoki..

— (Biroz o`ylanib) Avvalo shuni aytib o`tish kerakki, teatrning ishi oson emas. Lekin shunga qaramay teatr sehrli maskan. U insonni har qanday qiyin vaziyatlardan qutqarib, olib chiqib ketadigan kuchga ega. Bu erda aktyor ijodiy erkinlikni his etib yashashi, ishlashi mumkin. Ana shu jihatlarini inobatga olganda teatr hayoti men uchun umuman qiyin emas. Yana bir gapni alohida ta`kidlab o`tishni istardim. Men va bugun bir sahnada ishlayotgan hamkasblarim kech bo`lsada, teatr — aktyor uchun shart va zaruriy ijod “qozon”i ekanini tushunib etdik. Bugun buni qadrlab, chin ma`noda ijod bilan bandligimizdan juda xursandmiz.

— “Diydor” teatri asoschisi va uning rahbari Bahodir Yo`ldoshev bilan ishlash qiyinchilik tug`dirmaydimi?

— Ochig`ini aytsam, bu mavzudagi gaplarni ko`p eshitganman. Savolga esa oson yoki qiyin deya javob berganlarni ham eshitganman. Shaxsan o`zimga kelsak, men uchun bu inson bilan ishlash, muloqotda bo`lish juda qulay. Chunki o`z fikrini bayon eta oladigan va o`ylarini aktyorga aniq tushuntira bilgan rejissyor bilan ishlash qiyinchilik tug`dirmaydi. Shuning uchun ham rahbarimiz bilan ijodiy hamkorlikda muammo sezmaganman.

— Bu savolni berishimning o`ziga xos sababi bor. Bilishimcha, bundan bir necha yil ilgari Bahodir Yo`ldoshev bilan birga ishlab keyin teatrdan ketgan ekansiz...

— Birinchi prezidentimiz tashabbusi bilan o`z faoliyatini boshlagan “Iste`dod” nomli teatr studiyasida Bahodir akaning qo`lida o`qib, ishlaganman. Keyinchalik ma`lum bir sabablarga ko`ra teatr studiyasi yopilgach, biroz vaqt “Yosh tomoshabinlar” teatrida ham ishimni davom ettirganman. 2013 yilda esa Bahodir akaning o`zi tashkil etgan “Diydor” teatr studiyasiga keldim. Ammo o`sha paytda ichki holatim, kayfiyatim sabab hamda kino olamidagi chegara va siquvlardan biroz qiynalib rossiyaliklar bilan hamkorlikda o`zimni sinab ko`rishga qaror qilgandim. Ya`ni “Musofir bo`lmaguncha, musulmon bo`lmaysan” deganlaridek, Rossiyada ijod qilish uchun ketdim. Yillar davomida tajriba oshirish, dunyoqarashimni kengaytirish bilan band bo`ldim. Tasvirga olish maydonchalarida ba`zida aktyor, bazan esa oddiy kuzatuvchi sifatida vaqt o`tkazganimni yaxshi eslayman. 2015 yil yana “Diydor”ga qaytdim. Aytmoqchimanki, teatr sohasidan biroz vaqt uzoqda yurishimga Bahodir aka emas, o`zim sababchiman. Rahbarimiz o`sha vaqt meni to`g`ri tushuna olgandi. Hatto, teatrdan ketmoqchiligimni aytganimda ortiqcha gapirmay faqat “Ot aylanib, aylanib baribir qozig`ini topadi” degandilar. O`ylab qarasam, vaqt o`tishi bilan baribir teatrdan taskin topishimni sezgan ekanlar. Meni qo`llab-quvvatlab, tushuna olganlaridan juda xursandman.

— Teatrda aktyorlikdan tashqari, Bahodir Yo`ldoshevning ishongan shogirdi sifatida ish yurutuvchi ham ekansiz? Shu rostmi?

— Bilasizmi, Bahodir aka doim “Menga ustoz, deb murojaat etmanglar” deydilar. Negadir bugun ustoz-shogirdlikning qadri qolmagandek. Bunga san`atni tushungan-tushunmaganlar ham yonida yurganlarni shogirdim, deb tanishtirishi sabab deb o`ylayman. Bu narsalar shaxsan menga ham erish tuyiladi aslida. Savolingizga kelsak, men hech qachon u insonga “Ustoz bo`ling!”, “Meni o`zingizga shogird deb biling” demaganman. Nazarimda, hayotimiz davomida aytilishi shart bo`lmagan va hammasi o`z-o`zidan, o`rnida bo`ladigan munosabatlar mavjud. Bahodir aka va boshqa ustoz darajasidagi insonlar hamda mening o`rtamizdagi munosabatlar, bunga yaqqol misol bo`la oladi. Eng muhimi hurmat va ichki kechinma. Teatrdagi vazifalarimga kelsak, u kishi menga topshirgan ishlarni bajaryapman. Misol uchun Bahodir aka hozir Samarqandda o`tkazilayotgan “Sharq taronalari” tadbiri bilan band. Shu sabab hozircha repetisiyalarni rejalashtirish, teatr ishlariga ko`z-quloq bo`lish vazifasini men bajaryapman. Bunday jiddiy vazifalarni menga ishonib topshirganlaridan xursand bo`lsam ham, buning mas`uliyati kattaligini yaxshi bilaman. Bu yumushlarni bajarishni mansabga yo`yish menimcha, noto`g`ri bo`ladi...

— Sizni mas`uliyatli va prinsipial aktyor sifatida bilamiz. Lekin yaqinda ustoz san`atkor Munavvar Abdullaeva bilan suhbatda ba`zi narsalarni eshitib hayron bo`ldim. Aytishicha, televidenie tasvirga olish ishlarida qatnashishingiz kerak ekan, lekin siz kelmaganingiz uchun ish to`xtatilibdi. Munavvar opa bir soat faqat sizni kutish bilan vaqt o`tkazgan...

— Bilasizmi, bunda meni ayblash biroz noo`rin. To`g`ri, hozir aytmoqchi bo`lganlarimni o`qiganlar, “Bahona izlayapti” deyishlari aniq. Ammo bu haqiqat. Aslida, o`sha vaziyatda butun ayb tashkilotchilarda edi. Tasvirga olish ishlari haqida meni ogohlantirish esdan chiqib, Munavvar opani taklif qilib qo`yishgan ekan. Ochig`i, o`sha paytda shunday vaziyat yuzaga kelganidan o`zimning ham jahlim chiqdi. Aksiga olib boshqa bir zarur ishni ham tashlab ketolmaganman. Lekin bo`lib o`tgan ishlardan keyin tashkilotchilar yaxshigina gap eshitishdi. Birovlarning aybi uchun biz aziyat chekishimiz va bunday tushunmovchiliklar kelib chiqishi noto`g`ri.

  • Mas`uliyatsizlikning sabablari nimada deb o`ylaysiz?
  • Agar insoning irodasi mustahkam bo`lsa, uni hech kim yomon ish qilishga majburlay olmaydi. Bundan tashqari, o`g`il bolani to`g`ri tarbiya olishida ota-ona va oilaviy muhitning o`rni juda katta. Har kuni muntazam “Bolam yomonga qo`shilma. Spirtli ichimliklar ichma, tamaki chekma” kabi so`zlar qaytarilib turishi kerak, deb o`ylayman. To`g`ri, bolalar o`zicha “Ichmasam, chekmasam nega hadeb gapiraveradilar” deb o`ylashi ham mumkin. Ammo xulqi buzuqlarning davrasiga qo`shilib qolmaslikka yordam beradigan kuch aynan shu deb o`ylaman. Bolaga har kuni aytiladigan so`zlar, albatta ong ostida saqlanib qolidi.

— Mas`uliyatsizlik insonning xarakteridagi zaiflikdan kelib chiqadi deb o`ylayman.

— Instagram sahifangizda “Aktyor” va “Shoumen” ta`rifi yozilgani e`tiborimni tortdi. “Shoumen”lik sizga nima uchun kerak?

— Boshlovchilik, shou dasturlar yaratishga qiziqaman. Bunga o`zimda iqtidor sezganim uchun ham qo`l urganman. “Shoumenlik” aynan, Moskva safarimdan keyin paydo bo`lgan. Turli tadbir va kechalarni qizdirib, kutilmagan vaziyatlar bilan shou dasturlar uyushtiradigan soha vakillarini ko`rib juda qiziqib qolgandim. Ammo vatanimga qaytib kelganimda bizda hali bu kasb unchalik rivojlanmaganini tushunib etganman. Lekin shunday bo`lsa ham to`ylarda boshlovchilik bilan qiziqishlarimni qondiryapman.

— Va albatta, bu qo`shimcha daromad manbai ham...

— Bu muhim jihatni rad etish fikridan yiroqman. Yuz foiz haqsiz. Xalqimiz “Qora qozonni qaynatish kerak” degan gapni bekorga aytmagan-ku (kuladi).

— Ijodkor inson aqldan ko`ra ko`proq ko`ngil bilan ish tutadi. Sizda-chi, ko`proq qay biri ustunlik keladi?

— Qaysidir darajada ko`ngil amri bilan ish tutamiz. Shunday bo`lsa ham hamma mas`uliyatni ko`ngilga to`nkash noto`g`ri. Vaqti kelganda har bir insonga sovuqqonlik, qa`tiyatlilik kerak bo`ladi. Shaxsiy tajribamdan aytadigan bo`lsam, ko`ngilga quloq solib xato bosilgan qadamdan afsuslanish hissi kamroq bo`ladi.


— “Qo`lingdan kelmaydimi?” deya qilingan da`vatlar ba`zi yoshlarni yomon illat va odatlarga bog`lab qo`yayotganini kuzatish achinarli...

Mavridi kelganda yoshlarimiz orasida kuzatayotgan yana bir muammo haqida gapirmoqchiman. Bugun internet bilan bog`lanib kitobni do`st bilmaganlar, afsuski juda ko`p. Nazarimda bola kichkinaligidan kitob o`qishni o`ziga odat qilsa, undan hech qachon yomon inson chiqmaydi. Chunki asarlardagi, yaxshi-yomon qahramonlarni tanish, ular haqida o`ylash, erta katta hayotda u kabilarni uchratganda qanday yo`l tutishni o`rgatadi. Bu esa o`z-o`zidan yo`ldan adashish holatlarini kamaytiradi, deb hisoblayman.

— So`nggi vaqtlarda o`zingiz anglab etgan haqiqatlaringiz haqida gapirib bering...

— Hayotimda kichkina qadamlar bilan yashashni yaxshi ko`raman. Bu — shoshmaslik, boriga shukr qilish, vaziyatni to`g`ri, boricha qabul qila olish, ba`zi muammolarni faqat vaqt hal qilishi mumkinligini anglab etishdir. Va ishonchim komilki kichkina qadamlar bilan hayotni yashab o`tishning zavqi ham o`zgacha...

Ma`lumot uchun

  • Yoshlarni kitobga qiziqtirish uchun avvalambor ularning xarakteridan kelib chiqish asar tanlash kerak. Bolaning ayni vaqtdagi muammosi, o`y-kechinmalaridan kelib chiqib unga mos asar tavsiya etilsa u voqealarda o`zini ko`ra olsa, u albatta, mutolaga qiziqib qoladi.
  • Akbarxo`ja Rasulov “Charxpalak” milliy teleseriali orqali ilk marotaba ijodga qadam qo`ygan.

Aliya Sulaymanova suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar