Eng ulug`, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida 8 avgust kuni Qo`qon, Marg`ilon va Andijon shaharlari o`rtasida elektropoezd qatnovi yo`lga qo`yildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yo`nalishlar uchun 5 elektrichka modernizasiya qilindi. Natijada transport vositalarining tashqi va ichki qiyofasi butunlay o`zgardi. Vagonlarga kondisioner, zamonaviy o`rindiqlar o`rnatildi. Xorijdan yana 10 elektropoezd keltirish rejalashtirilgan. Har bir elektrichka 6 vagondan iborat.
Qayd etilishicha, birinchi sinov muddatida qatnaydigan poezdlar engil avtomobilga nisbatan 40 daqiqa tezroq manzilga etib bormoqda. Poezd soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanadi. Bag`dod, Oltiariq tumani, Marg`ilon shahri, Quva tumani va Asaka shahriga to`xtab o`tadi. Elektropoezd qatnovi yo`lga qo`yilishi munosabati bilan Qo`qon temir yo`l vokzalida tantanali marosim bo`lib o`tdi. Unda so`zga chiqqanlar ushbu yangi temir yo`l yo`nalishi xalqimizning turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qilishini ta`kidladi.






