O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov jurnalist Jasur Hamroev bilan suhbatda madaniyat vaziriningbirinchi o`rinbosari sifatidagibirinchi ish kuni qanday o`tgani hamda endilikda ijodini davom ettirishi haqidagisavollarga javob berdi.
"Ijodkor uchun ijod muayyan vaqt talab qilmaydi. Shu paytgacha ham 24 soat ijod bilan band bo`lganman. Ijodkorlar yaxshi biladi. Ijod bu kasallik. Bu tark etib bo`lmaydigan narsa. Buni tashlab ketib bo`lmaydi hech qachon. Ko`zimga hech narsa ko`rinmasligi mumkin. Agar ijodim bilan shug`ullanmasam. Ijodkor odam ijod bilan shug`ullanmasa, kasal bo`lib qolishi mumkin. Shuning uchun albatta ijodimni davom ettiraman. Busiz iloji yo`q. Bu o`zim uchun, ko`nglimdagi ish bo`lgani uchun, azbaroyi ijoddan voz kecholmaganim uchun albatta ijod davom etadi",—deydi Nazarbekov ijodini davom ettirishini ta`kidlab.
Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari sifatidagi bir kunlik ishlari sarhisobi sifatida quyidagi fikrlarni bildirdi:
"Bugun men uchun birinchi ish kuni bo`ldi. Sohada kamchiliklar juda ko`p. Bugun yangi vazir bilan o`tirib, vazirlikdagi xodimlar bilan suhbatlashdik, tanishdik. Asosan, qaysi xodim nima bilan shug`ullanishi haqida ular bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ma`lumot oldik. Suhbat jarayonida sohadagi ko`plab muammolar yuzaga chiqdi. Kamchiliklar birinchi kun uchun juda ko`p. Madaniyat vazirligini tubdan isloh qilish zamon talabi bo`lib turibdi. 3 avgust kuni Prezidentimiz bilan uchrashuvda sohadagi kamchiliklar sanab o`tilgan va bu borada ko`plab tavsiyalar, topshiriqlar berilgan edi. Agar shu topshiriqlarni bajara olsak, asosiy muammolar echiladi va madaniyat vazirligining jamiyatimizdagi o`rni yanada yuksaladi.
Bir so`z bilan aytganda, qilinishi kerak bo`lgan ishlar, muammolar juda ko`p. Ularni qo`l bilan sanab bo`lmaydi".
Ma`lumot uchun, Ozodbek Nazarbekov 10 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari etib tayinlandi.