Samarqandlik mashhur tadbirkor Umar Rajabov 57 nafar bolaning xayriya sunnat to`yini o`tkazdi va ularning har biriga bankda hisob raqami ochib, unga bir million so`mdan pul qo`ydi, deb xabar berdi Nuz.uz nashri.
Tadbirga Samarqand va Juma shaharlaridagi sakkizta mahalladan kam ta`minlangan oilalarning farzandlari, 1-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, taklif etildi.
“Umar” qurilish kompaniyasi bunday xayriya ishlarini savob yo`lida amalga oshirib kelmoqda. Masalan, o`tgan yili kompaniya 30 nafar bolaning xayriya sunnat to`yini o`tkazgan, 1-son Mehribonlik uyiga avtobus va kompaniya tomonidan bunyod etilayotgan ko`p qavatli uydan bitta kvartira sovg`a qilgan edi.

Bu yil ham bolalar quvonchlarini yashira olishmadi. Ularning tarbiyachilari va ota-onalari uchun dasturxon yozildi hamda bolalarga to`y liboslari berildi va sovg`a-salomlar ulashildi. Tashkilotchilar ushbu kun bolalarning xotirasida qolishi uchun chin dildan harakat qilishdi. Tantana uchun qandolatchilar tomonidan tayyorlangan maxsus ulkan tort bolalarning quvonchiga quvonch qo`shdi. Ularni o`yin-kulgiga chorlovchi kuy va qo`shiqlar yangradi. Tadbirda taniqli xonanda Asatulla Otaullaev, Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatr aktyori Komron Otaullaev hamda «Aloviddin» guruhi jonbozlik ko`rsatishdi. Umar Rajabovning davraga chiqib, har bir bolajon nomiga “Ipak yo`li” bankida hisob raqami ochib, unga bir million so`mdan pul qo`yishi va bu mablag` ulardan har birining nikoh to`yigacha yuqori foizda bankda saqlanishi haqidagi xabari olqishlar bilan kutib olindi. Ayrim onalar o`zlarining quvonch ko`z yoshlarini yashira olmadilar.

“Mahalla” jamg`armasining Pastdarg`om tumanidagi bo`limi raisi muovini Gulnora Po`latova NUZ.UZ nashri muxbiriga bergan intervyusida sunnat to`yiga tuman markazi mahallalaridan 8 nafar bolani olib kelganligini ma`lum qildi.
– Farzandlari bilan tadbirga tashrif buyurgan onalar faqatgina konsert dasturi va bayram dasturxoni bo`lishini kutishgan edi. Ammo Umar aka tomonidan ularning farzandlariga qimmatbaho sovg`alar ulashilib, bankda ularga hisob raqami ochilib, pul qo`yilganligini eshitgach, quvonchdan ko`zlariga yosh olishdi,– dedi Gulnora Po`latova.
Gulnora Po`latova Umar Rajabovning yana bir insoniy fazilatini ta`kidlab o`tdi:
– Umar aka, bolalar va ularning ota-onalari bilan tanishdi. Navbat Hasan va Husan Normurodovlarga etganda nima uchun ularning onasi tadbirga kelmaganligini so`radi.
Men egizaklarning onasi nogironligini, ayni paytda og`ir kasal bo`lib yotganligini aytdim. Umar aka ayolni Samarqandga olib kelib kasalxonaga joylashtirishini, barcha chiqimlarni o`zi to`lashini ma`lum qildi.

O`zbekiston faxriylarnining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg`armasi Samarqand viloyat bo`limi boshlig`i Hasan Normurodov o`z chiqishida bolalarni ular hayotidagi bugungi ulkan voqea bilan tabrikladi.
– Shuni esdan chiqarmaylikki, tadbirkor ko`p, ammo o`z ixtiyori bilan muntazam xayriya ishlariga qo`l urayotganlar – hisobli. Ana shuday qo`li ochiq ishbilarmonlardan biri Umar Rajabov bo`ladi, – dedi u bolalarga qarata. – Sizlar ham ulg`ayib, o`zingizga va atrofdagilarga foyda keltiradigan yigitlar bo`lib voyaga etasizlar deb ishonaman. Bunga sizga Umar bobongizning yo`li ibrat bo`lsin. Umar Rajabov 20 yildan beri xayriya ishlari bilan shug`ullanib keladi. Esimda, u 30 yoshdaligida, endi yosh tadbirkor, deb nom chiqarganda uning ofisi yonida joylashgan tibbiyot instituti talabalari uchun xayriya tadbirini uyushtirgan edi. Ular hozirda mashhur shifokorlarga aylanganiga qaramay, hamon Umar Rajabovning saxiyligini, qo`li ochiqligini unutmaydi”.






