Andijon viloyatida ehtiyojmand oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga Prezident sovg`asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarni tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar beradi O`zA.
Paxtaobod tumani Soybo`yi mahallasida yashovchi Munosibxon Xoldinova ko`zi ojiz, I guruh nogironi.
Turmush o`rtog`i Qobiljon Xoldinov ham ruhiy xasta. Bir uyda 11 jon istiqomat qiladi. Bugun unga Prezidentimiz nomidan Ma`rifat mahallasida barpo etilgan ko`p qavatli uylardan ikki xonali kvartiraning kaliti topshirildi.
– Yoshim oltmishdan oshdi, – deydi Munosibxon opa. – Hayotimda bugungiday quvonganimni ochig`i, eclolmayman. Bolalarimning quvonchi menikidan ortiq. Men kabi ko`zi ojiz insonga, oilamga ko`rsatilgan g`amxo`rlikdan yashashga bo`lgan umidim, davlatga ishonchim ming chandon ortdi. Dunyoda yaxshi insonlar ko`pligiga yana bir bor amin bo`ldim. Agar shu e`tibor bo`lmasa, bizda bunday zamonaviy uy-joy qilishga imkon qayoqda edi, deysiz. Yurtimiz tinch, ko`nglimiz xotirjam. Shuning o`zi eng katta baxt aslida. Ilohim, tinchligimizga, ahilligimizga ko`z tegmasin, yurtparvar davlatimiz rahbari omon bo`lsin!
Eng ulug`, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning bir guruhiga barcha qulayliklarga ega zamonaviy uylar sovg`a qilingani ular uchun haqiqiy tuhfa bo`ldi.
Shu kuni Buloqboshi tumanida yashovchi Irodaxon Hamdamova, paxtaobodlik Adolatxon Abdurahmonova, marhamatlik Shahnoza Adhamova, shahrixonlik Ozodbek Xudoyberdiev, ulug`norlik Gulnora Hamdamova, qo`rg`ontepalik Nargiza Qurbonova, Husan Sodiqovlarga ham Prezidentimiz sovg`asi – yangi uylar kaliti topshirildi.
Mamlakatimizda eng ulug`, eng aziz bayramimiz oldidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar yoshu keksa barchani yurtimizda ro`y berayotgan yangilanish va o`zgarishlar, bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlarida yanada faol ishtirok etishga undamoqda, odamlarda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg`ularini mustahkamlamoqda.
Tadbirlarda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so`zga chiqdi.






