AsosiyJamiyat

​UMUMXALQ XAYRIYa HAShARIDA 18 MILLIONDAN ZIYoD KIShI FAOL QATNAShDI

'​UMUMXALQ XAYRIYa HAShARIDA 18 MILLIONDAN ZIYoD KIShI FAOL QATNAShDI'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yil 27 iyundagi "O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida"gi qaroriga muvofiq, eng ulug`, eng aziz ayyom – Istiqlol bayramini yuksak saviyada nishonlash uchun qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda.

"Fidoying bo`lgaymiz seni,O`zbekiston!" shiori ostida puxta taraddud ko`rilayotgan bu yilgi qutlug` sana arafasida barcha yurtdoshlarimiz mamlakatimizdagi tinch-osoyishta hayotni, musaffo osmonimizni, ko`p millatli xalqimizning ahil va totuvligi, jamiyatimizdagi mehr-oqibat, e`zoz va hurmat, saxovat muhiti eng katta boylik ekanini yanada teran his etmoqda, deb yozadi O`zA.

Xalqimizning birdamligi va hamjihatligi umumxalq xayriya hashari misolida yana bir bor yaqqol namoyon bo`ldi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida joriy yil avgust oyi mamlakatimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi, 19-20 avgust kunlari esa umumxalq xayriya hashari kuni, deb e`lon qilindi.

O`zbekona mehnatsevarlik, ahillik, hamjihatlik ramziga aylangan ushbu hashar yurtimizning barcha hududlarida, eng chekka qishloq va ovullarda, mahallalarda uyushqoqlik bilan o`tkazildi. Unda 18 million 675 mingdan ziyod yurtdoshimiz faol qatnashdi. Ularning 12 million 424 ming nafardan ortig`i yoshlar ekani yanada e`tiborlidir.
Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvida umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada tashkil etish va o`tkazish bo`yicha Ishchi guruhi tuzildi. Ikki kun davomida 41 ming gektarga yaqin maydon obodonlashtirilib, 27 ming kilometrdan ziyod ariq-zovur va lotoklar tozalandi. Ziyoratgohlar, qabristonlar tartibga keltirildi. Qariyb 18 million tupdan ziyod daraxt va ko`chatga shakl berilib, oqlandi. Hashar ishlariga 17 mingdan ortiq texnika vositalari jalb etilib, 62 ming tonnaga yaqin chiqindi belgilangan joylarga tashib chiqarildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan oilalar, yakka-yolg`iz keksalar ham e`tibordan chetda qolmadi. 18 mingga yaqin kam ta`minlangan oilaning uy-joyi hashar yo`li bilan ta`mirlandi. 24 mingga yaqin ehtiyojmand oilaga, jumladan, 8 mingga yaqin nogiron va yolg`iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordam berildi. Mazkur xayriya tadbirlariga 5,3 milliard so`mdan ziyod mablag`, shundan 900 million so`mga yaqini “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordami ko`rsatishga sarflandi.

Hashar kunlari yurtimiz mahallalarida 297 savdo va maishiy xizmat ko`rsatish ob`ekti – do`kon, go`zallik saloni, sartaroshxona, dorixona, to`yxona, kutubxona, novvoyxona, mahalla guzari, nuroniylar markazi foydalanishga topshirildi. Yangidan-yangi mahalla fuqarolar yig`ini binolari, bolalar sporti maydonchalari ishga tushirildi.

Xalqimiz hamjihatligining ifodasi bo`lgan ushbu tadbir mamlakatimizning barcha hududlarida ko`tarinki ruhda, yuksak saviyada o`tkazildi.

Boshqa yangiliklar