AsosiyJamiyat

​DUNYo NIGOHIDAGI “ShARQ TARONALARI” HAQIDA 12 FAKT

'​DUNYo NIGOHIDAGI “ShARQ TARONALARI” HAQIDA 12 FAKT'ning rasmi

Ko`hna va hamisha navqiron Samarqandning Registon maydonida har ikki yilda bir dunyoning besh qit`asidan san`at ixlosmandlarini bir “til”da so`zlatadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali 25-30 avgust kunlari yana jarang socha boshlaydi...

Tinchlik, do`stlik, hamjihatlik g`oyalarini tarannum qiladigan, qisqa muddat ichida katta nufuzga ega bo`lgan ushbu xalqaro festivalning ayni damdagi tayyorgarlik ishlari bilan tanishtirishga qaror qildik.

FESTIVAL TAShKILOTChILARI

  • O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi.
  • Samarqand viloyat hokimligi.
  • “O`zbekkonsert” davlat muassasasi.
  • O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi.
  • O`zbekiston Bastakorlar uyushmasi.

3 TA YIRIK XALQARO TAShKILOT

An`anaga ko`ra, faxriy mehmon sifatida 3 ta yirik xalqaro tashkilot: YuNESKO, MDH, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotlari vakillari va boshqa yuqori martabali mehmonlar tashrif buyuradi.

XALQARO XAKAMLAR XAY`ATI ShAKLLANTIRILADI

AQSh, Koreya, Xitoy, Estoniya, Kuvayt, Indoneziya, Bangladesh va o`zbekistonlik mutaxassislardan iborat xalqaro hakamlar hay`ati shakllantiriladi.

10 GA YaQIN DAVLATDAN JURNALISTLAR

Festival tadbirlarini xorij OAVlarida ham keng yoritish maqsadida o`nga yaqin davlatdan jurnalistlar kelishi kutilmoqda.

24 TA DAVLATDAN 25 TA MA`RUZA

26-27 avgust kunlari festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an`analarning shakllanishi va rivojlanishi” mavzuida ilmiy-nazariy konferensiya bo`lib o`tadi. 1 iyunga qadar 24 ta davlatdan 36 ta ma`ruza kelib tushdi. Ularni o`rganib chiqib, 24 ta davlatdan 25 ta ma`ruza tanlab olingan. O`zbekistondan 48 nafar ma`ruzachi qatnashish istagini bildirgan, ulardan 16 tasi tanlab olindi. Konferensiyada Tojikiston xalq artisti Abduvali Abdurashidov, O`zbekiston xalq hofizi Erkin Ro`zmatov mahorat darslarini ham o`tkazadi.

XALQARO FESTIVALLAR HAMKORLIGI

Qator xorijiy davlatlardagi xalqaro festivallar bilan ham hamkorlik o`rnatilgan. Bu gal Koreyaning Andong xalq festivali va Xitoyning Shanxay xalqaro san`at festivali vakillari mehmon sifatida taklif qilingan. Bunday hamkorlik zamonaviy menejment, marketingni rivojlanishiga ko`mak beradi.

MEHMONXONALAR...

Toshkentdagi “O`zbekiston” va Samarqanddagi “Afrosiyob” mehmonxonalarida maxsus shtab shakllantirilgan.

FESTIVALNING DOIMIY IShTIROKChILARI

100 dan ortiq davlatlar va 4 ta xalqaro tashkilot: YuNESKO, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Xalqaro folklor ijodiyoti tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki nufuzli festivalning doimiy ishtirokchilari.

IShTIROKNI TA`MINLASh BO`YIChA MUZOKARALAR

Qator davlatlardan bir nechta musiqa jamoalari ishtirok etish istagini bildirib, qayta-qayta murojaat qilishmoqda. O`tgan yili noyabrda 138 ta davlatga rasmiy taklifnoma yuborilgan. 56 ta davlatdan jami 250 nafar mehmonlar ishtirok etishi kutilyapti. Jarayon

davom etmoqda, shu bois raqamlar o`zgarishi tabiiy. Festival tarixida hali biror marotaba ishtirok etmagan Yamayka, Yayma, Urugvay davlatlarining ishtirokini ta`minlash bo`yicha muzokaralar olib borilmoqda.

YO`NALIShLAR

Tanlovda professional va havaskor ijodiy jamoalar hamda yakkaxon xonanda va sozandalar ishtirok etishi mumkin. Ijro etiladigan asarlar quyidagi yo`nalishlardan birini o`z ichiga olishi lozim:

1. Xalq musiqa ijodiyoti (qo`shiq yoki kuy);

2. An`anaviy mumtoz musiqa;

3. Zamonaviy milliy ashula va cholg`u musiqasi.

Ijro dasturining umumiy davomiyligi 15 daqiqadan oshmasligi lozim.

MEHMONLARNI KUTIB OLISh

22 avgustda xorijiy ishtirokchilar kela boshlaydi. Ular poytaxtimizdagi 5 ta mehmon xonalarga joylashtiriladi. 24 avgustga qadar Toshkentdagi ko`zga ko`ringan maskanlarga sayohat uyushtiriladi. 24 avgust tonggida “Afrosiyob” poezdida Samarqandga boriladi.

60 TA TARJIMON XIZMAT KO`RSATADI

Festival uchun 1 oydan buyon tayyorgarlik olib borilayotgan Samarqand shahrida 18 ta ishchi guruh tashkil qilingan. Mehmonlarga yurtimiz tarixini yaxshi biladigan 60 ta tarjimon xizmat ko`rsatadi.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

Boshqa yangiliklar