Samarqand shahrida 28 avgust kuni “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Har ikki yilda tashkil etilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali jahon ahlining o`zaro madaniy muloqotga bo`lgan ehtiyojini ro`yobga chiqarishda beqiyos vosita bo`lib xizmat qilmoqda,deb yozadi O`zA.

Tantanali marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.
Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur anjumanning chuqur insonparvarlik ruhi va falsafasi, xalqlar o`rtasida do`stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni rivojlantirish, mumtoz musiqa an`analarini asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida to`xtaldi, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Ma`lumot uchun, 1997 yilda o`tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo`lsa, bu yilgi anjumanga 60 ga yaqin davlat san`atkorlari tashrif buyurdi.






