“AIBA” boks federasiyasi kecha, 5 sentyabrdan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida boks bo`yicha JChda ishtirok etgan eng yaxshi bokschi nomini aniqlash maqsadida so`rovnoma ishga tushirgani haqida avvalroq xabar bergandik.
6 sentyabr kuni “AIBA” o`tkazgan so`rovnoma natijalariga ko`ra, Shahram G`iyosov 56 foiz ovoz to`plab, Gamburgda o`tgan jahon chempionatining eng yaxshi bokschisi sifatida e`tirof etildi.
Shu tariqa, Shahram G`iyosovga o`z vazni toifasida ham chempion va musobaqada eng yaxshi bokschi bo`lish kabi sovrinlar nasib etdi. So`rovnomada g`olib bo`lish uchun G`iyosovdan tashqari Xulio Sezar la Kruz (Kuba), Aleksandr Kijnyak (Ukraina) va Sofian Oumixa (Fransiya) kabi bokschilar nomzodlari keltirib o`tilgandi.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning 2 sentyabr kuni Germaniyaning Gamburg shahrida boks bo`yicha turli xil vazn toifasida jahon chempionati musobaqasi yakuniga etdi.
Unda O`zbekistondan 10 nafar bokschi ishtirok etdi va ularning 4 nafari Hasanboy Do`smatov, Jasurbek Latipov, Iqboljon Xoldorov va Shahram G`iyosovlar musobaqaning final bosqichiga etib borishdi.