Surxondaryo viloyati Sho`rchi tumanidagi “Jarqishloq” shaharcha fuqarolar yig`ini hududida yashaydigan 14 yoshli bola kuppa-kunduzi “Nexia” rusumli avtomashinani o`g`irlab qochdi, deb yozadi O`zA.
Sho`rchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Fazliddin kunduzi soat 13:30 lar atrofida o`ziga tegishli “Nexia” rusumli davlat raqami 75 V 773 NA bo`lgan avtomashinani Denov tumanidagi Sh.Rashidov ko`chasiga qo`yib, pult orqali qulflaydi.
O`t oldirish kalitini joyida qoldirib, yumushlarini bajarishga ketadi. Soat 16 ga yaqin qaytib qarasa, mashina yo`q. Bu haqda zudlik bilan Denov tumani IIB navbatchilik qismiga xabar beradi. Ko`rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida avtomashinani boshqargan sho`rchilik maktab o`quvchisi J.M. o`rtoqlari bilan “sayr” qilib yurgani aniqlanadi. Olib qochilgan mashina ichki ishlar organi xodimlari tomonidan “Jarqishloq” shaharcha fuqarolar yig`ini hududida to`xtatilgach, ota avtoulovning olib qochilishiga o`g`lining aloqasi yo`qligini isbotlashga urinadi. Lekin, qilni qirq yoradigan ichki ishlar xodimlari aksini isbotlashdi. Ushbu holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, “Nexia” qonuniy egasiga qaytarildi.






