AsosiyJamiyat

​MARG`ILONLIK OShPAZ 2 TONNALIK OSh TAYYoRLAMOQChI

'​MARG`ILONLIK OShPAZ 2 TONNALIK OSh TAYYoRLAMOQChI'ning rasmi

12-16 sentyabr kunlari Marg`ilon shahrida “Atlas bayrami” festivali o`tkaziladi. Unda ko`plab xorijlik mehmonlar, viloyatlardan tashrif buyurgan hunarmandlar, shahar aholisi ishtirok etadi. Festival doirasida osh tanlovi o`tkazilishi ko`zdan tutilgan.

Mazkur tanlovda marg`ilonlik yosh oshpaz Muhammadali Hayitboev ham ishtirok etib, 2 tonnalik osh tayyorlashni maqsad qilgan. Buning uchun u xozirdanoq tayyorgarlikni boshlab yubordi. Maxsus katta qozon, kapgir, o`tkir pichoq hammasi shay.

Yosh oshpazga O`zbekiston yoshlar ittifoqi Marg`ilon shahar Kengashi faollari ko`makchi bo`ladilar. Muhammadali o`tgan yili ham “Atlas bayrami” festivalida ishtirok etib, 10 kilogramm osh tayyorlagan hamda YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan taqdim etilgan maxsus diplom va statuetkaga ega bo`lgan.

Bu yilgi tayyorlanadigan 2 tonnalik osh o`zining qaysi xususiyatlari bilan ajralib turishi haqida farg`onalik muxbirimiz Ahror Ziyo ma`lumot berdi.

Muxbirning oshpazning so`zlariga tayanib yozishicha, bu yilgi osh yanada mazali bo`lishi uchun palovga pista, bedana tuxumi, zig`ir yog`i, no`xot, mayiz, xushtam ziravorlar qo`shiladi. Ma`lumot o`rnida, Muhammadali Hayitboev oshpazlar sulolasining 4 avlodi sanaladi. 500 dan ziyod ovqat turlarini tayyorlashni biladi. Horij mamlakatlarida o`tkazilgan ko`rik-tanlovlar g`olibi. Faoliyati davomida yarim tonnagacha osh tayyorlagan.

“Atlas bayrami” festivalida hali bunaqasi bo`lmagan. Bu taomdan festivalga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, viloyatlardagi hunarmandlar, shahardagi mehmonlar totib bahramand bo`ladilar.

Yosh oshpaz Muhammadali Hayitboev bu unutilmas jarayon uchun hozirdanoq tayyorgarlik ko`rmoqda. Oshpazning lazzatli palovidan totib ko`rish istagida bo`lganlar 16 sentyabr sanasida o`tkaziladigan “Atlas bayrami” festivaliga tashrif buyursalar bas.

    Boshqa yangiliklar