O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida” qaror imzoladi.
Ushbu qaror doirasida kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dasturda ko`zda tutilgan quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratilsin:
kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, noshirlik va matbaa sohalarini yanada rivojlantirishga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo`ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash;
kitob mahsulotlari bo`yicha davlat buyurtmasining asosiy yo`nalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, o`quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko`rgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan kitob do`konlari faoliyatini rivojlantirish;
jahon adabiyotining eng sara namunalarini o`zbek tiliga tarjima qilish bo`yicha davlat buyurtmalari berish, ularni zarur nusxalarda yuksak sifat bilan nashr etish va moliyalashtirish tizimini yo`lga qo`yish, kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo`yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish choralarini belgilash;
axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, ta`lim muassasalari axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, kutubxonalar, tashkilot va muassasalarning “Ma`naviyat xonalari”ni o`quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma`rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
nashriyotlar va matbaa sohasi mutaxassislarini, badiiy va texnik muharrirlar, grafikachi rassomlar, axborot-kutubxona xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va rag`batlantirish tizimini takomillashtirish;
lotin yozuviga asoslangan yangi o`zbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va ensiklopedik adabiyotlarni yanada ko`paytirish bo`yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;
O`zbekiston Milliy kutubxonasi va axborot-kutubxona markazlaridagi barcha turdagi axborot-kutubxona resurslarining yagona bazasini shakllantirish va undan boshqa axborot-kutubxona muassasalarida turib foydalanishni ta`minlash;
qishloq aholisiga kutubxona xizmati ko`rsatish tizimini tashkil etish choralari to`g`risida tadbirlar rejasi loyihasini tayyorlash va amalga oshirish;
mamlakatimizda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beradigan eReader elektron o`quv qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, ularning axborot bazasiga umumta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari, oliy o`quv yurtlari uchun darsliklar, o`quv qo`llanmalari, o`quv-uslubiy, ilmiy-nazariy manbalarni joylashtirish, bunday mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olish mexanizmlarini yo`lga qo`yish bo`yicha takliflar tayyorlash;
mazmunan sayoz, milliy ma`naviyat va qadriyatlarimizga, axloq me`yorlariga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini ko`rish;
kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ`ibot ishlarini tizimli va samarali tashkil etish, bu borada kitobxonlar, kutubxonachi va targ`ibotchilar o`rtasida “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila”, “Eng faol kutubxonachi” kabi ko`rik-tanlovlarning saralash va respublika bosqichlarini yuqori saviyada o`tkazishni yo`lga qo`yish.
O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.