O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo`nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to`g`risida qaror imzoladi.
Mazkur maktabning tashkil etilishi davrning ana shu da`vatiga javob bera oladigan kadrlarni yoshligidanoq tayyorlab borish, sohada etuk hamda zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi.
Maktabni tashkil etishdan asosiy maqsad – ulug` ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, o`rganish va tadqiq etish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o`quvchilarga aniq fanlarning yuksak cho`qqilarini zabt etish, boshlang`ich sinflardan boshlab o`quvchilarning axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorini aniqlash va ularni qobiliyatlarini ro`yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar bazasini yaratishdan iboratdir.
Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib –axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o`zlashtirilishiga erishish, o`quvchilarni dasturlash asoslari, ma`lumotlar bazasini shakllantirish, axborot xavfsizligini ta`minlash bo`yicha ko`nikmalarga ega qilish, axborot va media hamda intellektual madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirishdan iboratdir.
Shuningdek, mazkur sohada yuqori mahoratga ega pedagoglarni hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasi maxsus maktabini yaratish, yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tuzish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam va samarali ishtirokini ta`minlashni tashkil etish ham maktabning asosiy vazifalaridandir.
Maktab Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumani, Tepamasjid ko`chasi, 4-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulug`bek informatika kasb-hunar kollejining binosida joylashadi. Mirzo Ulug`bek informatika kasb-hunar kollejining 2-3-bosqich o`quvchilari Ixtisoslashtirilgan maktab binosida o`qishni bitirgunlariga qadar davom ettiradi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga o`quvchilar O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og`zaki sinov natijalariga ko`ra tanlov asosida qabul qilinadi.
Qarorni to`liq matni O`zAda keltirilgan.






