P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining 2-kurs talabasi Jasurbek Ibrohimovning o`limi bilan bog`liq ish jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudiga oshirildi. Bu haqda 14 sentyabr kuni bo`lib o`tgan brifingda Toshkent shahar prokurori o`rinbosari Murodjon Sodiqov ma`lum qildi.
Jasurbek Ibrohimovga nisbatan og`ir tan jarohatlari etkazilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish) alomatlari bilan jinoiy ish qo`zg`atilgan edi, deya xabar beradi Uz24 nashri.
Ishning tafsilotlari oshkor qilinadi. Ta`kidlanishicha, qolgan barcha ma`lumotlar sud ishi davomida ma`lum bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, 17 yoshli Jasurbek Ibrohimov shu yilning 3 may kuni kollejdoshlari tomonidan kaltaklanib, kasalxonaga tushgan va 1 iyun kuni vafot etgandi. Shundan so`ng marhumning onasi aybdorlarni jazolashni so`rab, O`zbekiston Prezidentiga murojaat qildi.
Toshkent shahar IIBB ushbu holat bo`yicha tergov harakatlarini boshlab, jinoyat ishida gumonlanuvchi 1999 yilda tug`ilgan Islombek Abdujamilovich Tulaganovni qamoqqa olgandi.






