O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog`ini tashkil etish to`g`risida qaror imzoladi.
Qaror astronomiya fanining kelgusida yanada taraqqiy etishi iqtidorli yoshlar orasidan malakali kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish talab etilishini inobatga olib, o`sib kelayotgan yosh avlodni xalqimizning astronomiyani o`rganishdagi buyuk an`analari ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aerokosmos faoliyati sohasidagi milliy va dunyo ilm-fanining yangi yutuqlarini o`rganish va o`zlashtirishga bo`lgan ishtiyoqini rivojlantirish, yoshlarning aerokosmik fan va texnika asoslarini egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur o`rgatishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internati tashkil etiladi. Maktabda 200 nafar o`quvchi tahsil olishi hamda va 150 o`rinli turar joy binosi tashkil etilishi ko`zda tutilgan.
Qurilish-ta`mirlash ta`lim muassasasini jihozlash ishlarini O`zbekiston Respublikasining 2018 yil Investisiya dasturi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta`lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan 2018 yil 1 avgustiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Maktab-internat 2018-2019 o`quv yili boshlanguniga qadar Xalq ta`limi vazirligi tomonidan barcha zarur mebel, o`quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar bilan ta`minlanadi.
Qarorga muvofiq 2018-2019 o`quv yilidan maktabga 7-sinfdan boshlab har bir sinfda 20 nafardan o`quvchi qabul qilinadi.
Ushbu qaror asosida Toshkent shahar, Astronomiya ko`chasi, 33-uy manzilida Astronomiya instituti hududida “Astronomiya va aeronavtika” bog`i va Planetariy tashkil etiladi. Shuningdek, Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini hamda madaniy-tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan teleskoplar pavilonlarini kapital ta`mirlash ko`zda tutilgan.
Ushbu bog` va Planetariyga Toshkent shahar hokimligi buyurtmalari asosida Mudofaa vazirligi, “O`zbekiston havo yo`llari” MAK va “Toshkent mexanika zavodi” AJ tasarrufidagi mavjud samolyot namuna(maket)lari ajratiladi va o`rnatiladi.
Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.