"QIZG`ANChIQMASMAN"

Mutolaa 19.09.2017, 08:39
"QIZG`ANChIQMASMAN"

— Sen yig`layapsanmi?
— Ha, yig`layapman, — daf`atan zarda qildi bola.
— Nega yig`layapsan?
— O`yinchog`imni topolmayapman.
— O`yinchog`ing qanaqa edi?
— Oddiy tuyacha edi.
— Ana, bolalarga qara ular xursand, kulib yurishibdi. Qo`shilsang bo`lmaydimi?
— Ular ketishadi.
— Qaerga?
— U dunyoga... Men esa keldim.
— Qaysi dunyoga?
— Haligi, olachipor, qop-qora kiyingan odamlar hammani bu dunyoga yuborishga urinayotgan joy borku... O`sha erga-da... Siz unday odamlarni ko`rmaganmisiz?
— Ko`rmaganman, qaerda ular?
— Hozir bitta-ikkitasi yonimdan o`tib ketdi. Ular bu erda ham yurishibdi.
— Bu erda nima qilishyapti?
— O`zlari bu dunyoga yuborgan bolalarning oyog`iga peshonasini bosib, o`pib yig`lashyapti. Meni yonimga bittasi kelgandi. “Tuyachamni topib bermasangiz, oyog`imni tutmayman”, dedim. Yig`lab yubordi.
— Tushunmadim?
— Nega tushunmaysiz? Men u odamni tanidim. Dadamning belkuragini ko`tarib yuribdi. Onamning taqinchog`ini ham. Shuning uchun tuyamni undan so`radim. Siz o`zingiz avliyomisiz?
— Nega unday o`ylading?
— Meni gaplarimni eshitib, ko`zingiz yoshlandi. Onam doim “Avliyosifat insonning ko`zi tez yoshlanadi”, derdi.
— Yo`q! Oddiy odamman.
— Sizni kim bu erga yubordi? Olachipor kiyingan yoki qora odamlarmi?
— Olachipor kiyinmagan odamlar ham yuborishi mumkinku bu erga. Mana masalan, xotinim. U meni yomon ko`rgan ekan.
— Buni bilarmidingiz?
— Yo`q, shu erga kelayotib, yig`lab turganiga ko`zim tushdi. Ovutmoqchi bo`lib borayotgandim. Ko`ksining o`rtasida sen aytgandek olachipor belgi ko`rindi. Peshonasida esa qaysi kunlari menga o`lim tilaganining qora ro`yxatini ko`rdim.
— Siz-chi?
— Men yaxshi ko`rgandim. Hatto bir necha marta tashlab ketgan bo`lsa ham. Do`stim Alik ham olachipor kiyinmasdi.
— Nima bo`pti?
— U onamga ta`ziya bildirish uchun yoniga borganida, uning ko`ksida ham olachipor belgi ko`rdim.
— U ham yomon ko`rganmi?
— Ha, peshonasida mening umrimni kamaytirish uchun atalgan qora so`zlarni ham ko`rdim. Nega atrof qizg`ish tusga kirdi?
— Ana, yana bolalar kelyapti. Men hali onamni topolmadim. O`zi yaqinda bu erdan ketgan edim. Yana qaytib keldim.
— Onang shu erdami?
— Ha, aniq shu erda!
— Qaerdan bilasan?
— Bu erga kelayotganimizda, kultepa yonidan o`tdim. Men bilan birga kelgan bolalar esa “Kimning qo`lida ota-onamiz yoki o`zimizning narsalarimizni ko`rsak, o`sha bizni bu erga yuborgan bo`ladi”, deb shivirlashdi. “O`shaning ko`zlariga mana shu kuldan sepamiz”, deb kelishib oldik. Nega quloqlaringizni berkityapsiz?
— Quloqlarni qattiq ovozdan shunday asrash kerak. Shunga o`rgatishgan.
— Biz ham shunday qilar edik. Yaqinda ham shunday qilgan edim. Ko`zimni ochsam, bu erdaman. Agar tuyachamni olachipor yoki qora kiyimli biror kishida ko`rsam, bolalarga aytmangu ko`ziga kul sepmayman. Chunki bu erda endi quloqlarimni yopib yurmayman. Hammayoq tinchgina. Yana yig`layapsizmi?
— Yo`q!
— E, mana tuyacham! Kimdir oyog`ingiz ostiga tashlab ketibdi. Men uni olib kelganga oyoqlarimni tutmoqchi edim! Yig`lab olardi. Kul sepishimdan qo`rqqandir-da, qochib ketibdi. Keling, tuyachamni birga o`ynaymiz?! Men qizg`anchiqmasman!
— Yo`q, qizg`anchiq menman. Endi ko`zlarimni kulga to`ldirib o`yna!

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1