O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Nyu-York shahrida AQShning etakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi.
Uchrashuvda Amerika – O`zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, «Jeneral Elektrik» kompaniyasi prezidenti Ron Polett, «Xanivell» kompaniyasi prezidenti va ijrochi direktori Rajiv Gautam, «SiEnEych Indastrial» kompaniyasi vise-prezidenti Stiven Naderni, «Dir end Kompani» kompaniyasi prezidenti Jeyms Fild ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA maxsus muxbiri.
Davlatimiz rahbari ishbilarmonlarni samimiy qutlab, O`zbekiston bilan Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasida savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik rivojlanib borayotgani, Amerika – O`zbekiston savdo palatasi qo`shma loyihalarni qo`llab-quvvatlash va amalga oshirishning muhim mexanizmiga aylanganini ta`kidladi.
Shavkat Mirziyoev Kerolin Lemm bilan suhbatda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda Ma`muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilinganini qayd etdi. Mazkur hujjat davlat boshqaruvining yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg`un faoliyatini tashkil etishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda valyuta sohasida bozor mexanizmlari joriy etilgani, savdodagi turli to`siqlar olib tashlangani, ishbilarmonlik va investisiya muhiti yanada yaxshilanayotgani alohida ta`kidlandi.
Ron Polett bilan muloqotda O`zbekiston bilan «Jeneral Elektrik» kompaniyasi o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, 2018-2025 yillarda O`zbekiston gaz transporti tizimini texnik yangilash, modernizasiya qilish va rivojlantirish dasturini amalga oshirish taklif qilindi. Mamlakatimizda gidroelektr stansiyalari qurish, zamonaviy tibbiy uskunalar va yoritish moslamalari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish masalalari muhokama qilindi.
Stiven Naderni bilan suhbatda «SiEnEych Indastrial» kompaniyasi bilan hamkorlikda O`zbekistonda o`rim-yig`im, meliorasiya va yo`l qurilishida qo`llaniladigan, gazda ishlaydigan zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikalari ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari e`tibor markazida bo`ldi.
«Xanivell» kompaniyasi prezidenti va ijrochi direktori Rajiv Gautam bilan suhbatda o`zaro hamkorlikda neft-kimyo va energetika sohalarida yuqori texnologiyali qo`shma loyihalarni amalga oshirish, aviasiya uskunalarini etkazib berish borasida fikr almashildi.
Jeyms Fild bilan muloqot chog`ida «Dir end Kompani» kompaniyasi bilan aloqalarni yangi bosqichga ko`tarish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimizda meva-sabzavotchilik va uzumchilikda qo`llaniladigan traktor va maxsus texnika vositalari ishlab chiqarish, ularning ehtiyot qismlari tayyorlashni mahalliylashtirish, sohaga ixtisoslashgan trening markazi tashkil etish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 20 sentyabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston – AQSh biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o`rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, istiqbolli qo`shma loyihalarni muhokama qilish va o`zaro manfaatli kelishuvlarga erishishda katta voqea bo`lishini ta`kidladi.
Amerika – O`zbekiston savdo palatasi vakillari O`zbekiston bilan hamkorlikda qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.






