AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON AQSh KOMPANIYaLARI BILAN QIYMATI 2,6 MILLIARD DOLLARGA TENG BO`LGAN KELIShUVLAR IMZOLADI

'​O`ZBEKISTON AQSh KOMPANIYaLARI BILAN QIYMATI 2,6 MILLIARD DOLLARGA TENG BO`LGAN KELIShUVLAR IMZOLADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Amerika Qo`shma Shtatlariga tashrifi doirasida 20 sentyabr kuni Nyu-Yorkda O`zbekiston – AQSh biznes forumi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi tomonidan Amerika – O`zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda AQShning 100 dan ortiq etakchi kompaniyasi rahbarlari ishtirok etdi. «General Electric», «Honeywell», «ExxonMobil», «CNH Industrial», «John Deere», «Coca-Cola», «Boeing», «Caterpillar», «City Group», «Visa», «AGCO», «Gilead Sciences» kabi yirik korporasiyalar shular jumlasidan.

Amerika – O`zbekiston savdo palatasi raisi K.Lemm, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari S.Safoev, Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisi A.Ahmadxo`jaev va boshqalar miqyosi va kun tartibiga ko`ra yirik bo`lgan ushbu biznes forum mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga intilishining tasdig`i ekanini ta`kidladi. O`zbekiston – AQSh iqtisodiy sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish, uning izchil va barqaror rivojlanishida tomonlarning sa`y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Forum sho``balaridagi muzokaralarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, O`zbekistonda qulay investisiyaviy muhitni shakllantirish hamda sanoat, infratuzilma, turizm, fan va ta`lim sohalarida qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari qizg`in muhokama qilindi.

Amerikalik ishtirokchilar O`zbekistonda valyutani tartibga solish tizimiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, bank-moliya tizimini mustahkamlash, biznesning soliq yukini qisqartirish, investorlar uchun, jumladan, mamlakatimizda tashkil etilgan yangi erkin iqtisodiy zonalar doirasida qo`shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni yuksak baholadilar.

Biznes forum ishtirokchilari tomonlarni qiziqtirgan aniq investisiya va savdo loyihalarini muhokama qildilar, ularni amalga oshirish bo`yicha qo`shma tadbirlarni belgilab oldilar.

Tadbir yakunida AQSh kompaniyalari bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bo`lgan yirik hujjatlar to`plami, jumladan, «General Electric» va «Honeywell» korporasiyalari bilan neft-gaz va neft-kimyo sohalarida, «CNH Industrial», «John Deere» va «Caterpillar» kompaniyalari bilan mashinasozlik sohasida, «OSI Systems» va «Lutron» kompaniyalari bilan elektrotexnika sohasida, «Boeing» kompaniyasi bilan fuqaro aviasiyasi sohasida istiqbolli qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvlar imzolandi. Bu haqda O`zA maxsus muxbiri xabar qildi.

Boshqa yangiliklar