AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON PREZIDENTI ROSSIYa QIShLOQ XO`JALIGI VAZIRI BILAN UChRAShDI

'​O`ZBEKISTON PREZIDENTI ROSSIYa QIShLOQ XO`JALIGI VAZIRI BILAN UChRAShDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 sentyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning topshirig`iga binoan mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federasiyasi qishloq xo`jaligi vaziri Aleksandr Tkachevni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, yuqori va oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining izchil rivojlanishi va yanada mustahkamlanishiga, turli sohalar, jumladan, qishloq xo`jaligida o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mamlakatlarimiz o`rtasida mavjud bo`lgan "yashil yo`lak" doirasida Rossiya bozoriga etkazib berilayotgan ho`l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining turi va hajmi kengayib bormoqda. Rossiya tashkilot va kompaniyalari har yili O`zbekistonda o`tkazilayotgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu oyning boshida bo`lib o`tgan navbatdagi yarmarka yakunida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq bo`lgan eksport shartnomalari imzolandi.

Agrosanoat majmuida qo`shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Intensiv bog`dorchilik, issiqxonalar xo`jaligi, chorvachilikni rivojlantirish, seleksiya va urug`chilik sohalari shular jumlasidandir. Mamlakatlarimiz ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta`lim muassasalari o`rtasida samarali hamkorlik yo`lga qo`yilgan.

Uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini to`g`ridan-to`g`ri etkazib berish hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish va zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini shakllantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Agrar sohada kooperasiyani kuchaytirish va qo`shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, jumladan, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, urug`lik va veterinariya preparatlari tayyorlash muhimligi qayd etildi. Malakali mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Rossiya qishloq xo`jaligi vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi, deya xabar beradi O`zA.

Aleksandr Tkachev Rossiya mamlakatlarimiz o`rtasida qishloq xo`jaligi sohasidagi keng ko`lamli va o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.

Boshqa yangiliklar