Xalq ta`limi vazirligida navbatdagi videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishni Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta`limi boshqarmalari hamda hududiy xalq ta`limi boshqaruv idoralari mutasaddilari, hududiy xalq ta`limi boshqarmasi kadrlar bo`limi, maktabgacha ta`lim bo`limi, moliya va rejalashtirish bo`limi boshliqlari, qurilish-ta`mirlash ishlariga mas`ul sho``ba rahbarlari, har bir tumandan ikki nafardan MTM mudirlari joylardan turib to`g`ridan-to`g`ri kuzatib bordi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 sentyabrdagi “Maktabgacha ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo`lgan ustuvor vazifalar, 2018 yilda 5-6 yoshli bolalarni, keyingi yillarda barcha maktabgacha yoshdagi bolalarni to`liq davlat va nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qamrab olish bo`yicha “Bekobod shahri va Bekobod tumani namunasi”ni yaratish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, 9-sinf bitiruvchilarini ta`limning keyingi bosqichi hamda maktablarda tashkil etilgan 10-sinfga qamrov natijalari, joylarda “O`quv-ishlab chiqarish majmualari” tashkil etish kabi masalalar keng muhokama qilindi.
Alohida ta`kidlash joiz, maktabgacha ta`lim tizimini tubdan isloh qilish, har jihatdan zamonaviy tizim yaratish, nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari sektorini rivojlantirish maqsadida keng ko`lamli kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yig`ilishda bajarilayotgan ishlar tahlili, bolalarni MTMga qamrab olish ko`rsatkichi, ularni maktabga tayyorlash ishlari borasida fikr yuritildi.
Bolalarni bosqichma-bosqich maktabgacha ta`limga to`liq qamrab olish yuzasidan “Bekobod shahri va Bekobod tumani namunasi” bo`yicha taqdimot qilindi.
9-sinf bitiruvchilarini ta`limning keyingi bosqichiga jalb etish hamda 10-sinfga qamrab olish natijalari, joylarda tashkil etilayotgan “O`quv-ishlab chiqarish majmualari” bo`yicha ham hisobot berildi.
Yig`ilish yakunida kun tartibidagi masalalarning ayni kunlarda bajarilish holati yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlarining ma`lumoti tinglandi.






