Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegasiyasi mamlakatimizga tashrif buyuradi, deb ma`lum qildi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita.
O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonun mamlakatimizda diniy bag`rikenglik, tolerantlik, tinchlik va hamjihatlikni ta`minlashga xizmat qilmoqda. Yurtimizda o`n olti diniy konfessiya vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat hayotining barcha jabhalarini ravnaq toptirishda samarali mehnat qilayotir. Ular o`z diniy bayramlari va e`tiqod amallarini emin-erkin ado etmoqda.
Xususan, xristian diniga mansub fuqarolarimiz uchun ham barcha sharoit yaratilgan. Mamlakatimizda 157 ta xristian tashkiloti mavjud. Bu yo`nalishda kadrlar tayyorlash maqsadida poytaxtimizda Pravoslav va Protestant seminariyalari faoliyat ko`rsatmoqda.
Toshkent Pravoslav seminariyasida nafaqat O`zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari talabalari ham tahsil olmoqda. Yurtimiz xristianlari Rossiya, Isroil, Gresiya kabi mamlakatlardagi muqaddas qadamjolariga ziyoratga borib kelmoqda.
Toshkent eparxiyasi bu yil o`zining 145 yilligini nishonlaydi. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida tantanali tadbir o`tkazilishi rejalashtirilgan. Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegasiyasi mazkur bayram tadbirida ishtirok etadi.
Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita hamda Musulmonlar idorasi rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazadi. O`rta Osiyo mitropolit okrugi, poytaxtimizdagi monastir va cherkovlarga tashrif buyuradi. Din vakillari bilan uchrashadi,
Delegasiya a`zolari Samarqandga tashrifi chog`ida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabriga gul qo`yadi. Xo`ja Doniyor maqbarasi, Alekseevskiy sobori va boshqa diqqatga sazovor joylarni ziyorat qiladi. Mehmonlar Buxoroda ham bo`lib, tarixiy obidalarni tomosha qiladi.






