AsosiyShou-biznes

Mahmud NOMOZOV: PROFESSIONALLARGA­ NIMA QILIShNI O`RGATIShMASIN!

'Mahmud NOMOZOV: PROFESSIONALLARGA­ NIMA QILIShNI O`RGATIShMASIN!'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining "Mulohaza" loyihasi qahramoniga ortiqcha ta`rifning hojati yo`q. Boisi O`zbekiston xalq artisti Mahmud Nomozov­ ijodining o`zi u haqda “so`zlaydi”. Keskin suhbatdan qochmaydigan professional xonanda shou-biznesdagi kamchiliklar, TO`YLARDAGI dabdababozlik, manmanlik, kimo`zarga to`y qilib, soxta obro` topish, to`qlikka sho`xlik qiluvchilar xususida atroflicha fikr yuritdi...

— Dabdabali to`ylar ha­qida gap borganida o`zin­gizning to`yingiz ko`z ol­dingizdan o`tadimi? Bugungi dabdabali to`y­lardan siz­niki nimasi bilan farq qilgan?

— Kasbimiz bevosita to`ylar bilan bog`liq. Bugun to`y boshlab qo`yganlar bilan uchrashsangiz, bir necha oydan beri ko`zida uyqu yo`qligini aytadi. Aslida to`y qilishning hech halovatsiz eri yo`q. To`yim o`sha davr uchun el og`ziga tushgan fayzli o`tgan to`ylardan bo`lgan. Uch yuz kishi mehmon bo`lib kelgan. San`at­kor bo`lganim uchun ko`pgina hamkasblarim ham borishgan. U vaqtlarda qishloqlarga xonandalarning borishi haqiqiy shov-shuv edi. O`rtahol oila edik, kelin-kuyov uchun taxtadan go`yoki stol yasalgan, dasturxon vazifasini pillaning tagiga yoziladigan qog`oz o`tagan. Ustida qovun-tarvuz, pomidor-bodring, yopgan non bor edi, xolos. Urf-odatlar rejissyor Melis Abzalovning “Chimildiq” filmidagidek o`tgan (kuladi). Qishloq to`ylaridagi asosiy dabdaba, bu — mashinalarning keragidan ortiqligi. Qishloqning torgina ko`chalaridagi poygalar, haddan ortiq mehmon chaqirish, o`zini bir kunga boy qilib ko`rsatishdan nima foyda? Shu bois to`y o`tkazish davlat siyosati darajasigacha chiqdi. Bundan biz — o`zbek xalqi uyalishimiz kerak.

— Farzandlaringizning to`yini ham dabdaba bilan o`tkazganmisiz? Oxiri ko`rinmaydigan san`atkor­lar, stol to`la egulik, ha­shamatli tort, kelin-kuyov­ning shohona o`rindig`i, vals...

— Hayotim davomida juda ko`p to`y qildim. To`g`ri, o`z vaq­tida dabdabali to`y qilgim kelgan. Lekin bugun soddagina to`y qilish tarafdoriman. “Mahmud Nomozovning to`yiga yuzta san`atkor keldi”, desa bu lofmas. Boisi ba`zilari hurmat yuzasidan kelgan, qolganlari mehmon bo`lib, qaysi san`atkorning kelib-ketishi mening qo`limda emas-da. Lekin ortiqcha sarf-xarajat qilgan emasman. Siz sanab o`tgan odat tusiga aylanib qolayotgan holatlarni farzandlarimga cheklolmaganman.

— Bu borada siz kattalarning ham aybingiz bor, far­zandingizga cheklov qo`ya ol­maysiz.

— To`y oldi farzandlarimning kayfiyati tushkun bo`lmasin, deganmiz-da. Lekin bugun o`zlari “bekor qilgan ekanmiz, shuncha xarajatning nima keragi bor edi?” deyishadi. O`sha vaqtda buni uqdirolmaganman, lekin vaqt o`tib xatolarini o`zlari anglab etishdi. To`y haqida kuchga kirayotgan qarorlar ham bugun ota-onalarga farzandlarining orzu-havasini chetga surib, dabdabani to`xtatishga asos bo`ladi. Hamma narsada me`yor yaxshi!


— To`ylarimizda turk, arab, fors, rus, inglizcha qo`­shiqlar kuylanadi. O`z­bekning to`yida o`zbekcha qo`shiqlarni eshitishga xohish ham yo`q. Professio­nal san`atkor sifatida g`a­shin­giz kelmaydimi?

— Meni xiz­­matga cha­qir­gan kishi to`yi­da fa­qat­gina Mah­mud No­mozovning qo`shiqlarini ting­lashga majbur. Chunki “talab bo`l­yapti”, deb misqollab yi­g`il­gan obro`ni bir lahzada sovu­ra­diganlardan emasman. Hatto to`ylarda tartibsizliklar bo`l­sa, darrov tanbeh beraman. Haqiqatda milliy qo`shiqlar bilan o`tgan to`y fayzli bo`ladi. Bilasizmi, to`y­xo­naga kirganim­da ustoz san`atkorlar o`tirgan bo`lsa, ming shoshayotganimga qaramay, ulardan avval qo`shiq kuylagan emasman. Bugun ayrim to`ylarda hurmat tugul, salom-alik ham qilishmaydi. Xonandalar orasida o`zaro hurmatni shakllantirish kerak. Kamiga hamma to`yxonada bir xil repertuar. Tanbeh bersang, “ko`rolmayapti”, deb o`ylaydi. Professional xonandalar “dod”, deydigan darajaga etdi. San`atkorlar — bir oila. Aslida oilamizdagi kamchiliklarni gapirishning o`zi juda og`ir va uyat. Yaqinda Qozog`istonga to`yga bordim, uchta qo`shiqchi qiz yonimga kelib o`tirdi. Ochig`i, davrada ularning shu qadar maqtovi keltirildiki, Mahmud Nomozov hech kimdek tuyuldi-da (kuladi). Qaerda tahsil olganini so`rasam, “qanaqa ta`lim, nima deyapsiz? Tayyor qo`shiqqa og`zimizni qimirlatib turibmiz, xolos”, deydi. Ko`pgina to`ylarda mashhur xonandalarning fonogrammasiga og`iz qimirlatib turadiganlar yo`q emas. Bu san`atning ustidan ochiq-oydin kulish-ku. Bunday holatlardan hayratlanaman. Mablag` etakchilik qilyaptimi, demak shou-biznes hech qachon san`at darajasiga chiqmaydi!

— Bugun xalq artisti ham, havaskorlar ham bitta davra va sahnada turibdi, bu adolatdanmi?

— Bu ikki toifani ajratish shart. To`y borasida bunga to`y egalari, konsertda esa tashkilotchilar, televidenieda rahbarlar mas`ul. Professional va havaskorlarni bitta pog`onaga qo`yish san`at fidoyilarining obro`sini tushirib yuboryapti. Masalan, televidenieda har ikki toifadagi xonandalarning qo`shiqlari aylanishi uchun ma`lum vaqt belgilanishi kerak, hozirgi holat adolatdan emas. Ko`rsatuv ijodkorlari ham “ko`rsatuvimga kimni chaqiryapman o`zi?” degan savolga javob topishi shart. Bu albatta saviya qay darajada ekanini belgilab beradi.

— Shou-biznesdagi kamchiliklarni izga solish bo­rasida jo`yali takliflaringiz bormi?

— Albatta! Shifokor, o`qituvchi kabi ko`plab soha vakillari ma`lum vaqtda malaka oshirishga borishadi. Lekin negadir san`atkorlar bundan mustasno. “O`zbekkonsert”da bo`lgan yig`ilishda shu mavzuni o`rtaga tashlagandim. Lekin takliflarim majlislarda qolib ketyapti, amalga ko`chmayapti. O`zbekiston Davlat konservatoriyasini tamomlab, “O`zbek­konsert”ga lisenziya olish uchun kelgan havaskorga “malaka oshirib kelsang, lisenziya beriladi”, de­yish kerak. Qo­laversa, xonandalarni har besh yilda o`n besh kunga malaka oshirishga yuborish kerak. Bu taklifni ilgari surayotganimning boisi yosh xonandalarning birortasi kitob o`qimaydi, siyo­sat, xonandaning unga daxldorligi nimadan iboratligi haqida tushunchasi ham yo`q. Yosh xonandalarning bari matn yozadigan “shoir”larning ortidan mo`may pul ko`tarib yuguradi. Birortasi Mu­ham­mad Yusuf, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovning kitobini varaqlamaydi. Iqbol Mirzoning kimligini tanimaydi ham, Eshqobil Shukurni nazariga ilmaydi. Chunki she`r bilan matnning farqiga bormaydi, saviya yo`q-da. Toshkent viloyatining pedagogik kadr­lar malakasini oshirish institutida musiqa o`qituvchilariga uch yildan buyon dars beraman. Avval o`qituvchi bo`lganim uchun bu borada tajribam etarli, mazkur masalada gapirishga ham haqliman. Yoshlarni tanqid qilish oson, lekin ularni ayblash, urishish emas, yo`l ko`rsatish, xonanda madaniyat, ma`rifat tarqatuvchi soha vakili ekanini uqdirib, tarbiyalash kerak, xolos. Hozir yoshlarga “malaka oshirishga borasan”, deyilsa, bormaslikning yo`lini axtara boshlashadi. Bir bor malaka oshirsa, foydasini bilgach, o`zi bajonidil boradigan bo`ladi.


— Majlis haqida so`z ochdingiz. Prezidentimiz estrada sohasida eng asosiy kamchilik deya — aksariyat­ ijrochilar faoliyatida talabchanlik va mas`uliyat,­ ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg`usi tobora pasayib ketganini ta`kidlagandilar. Yaqinda Madaniyat vaziri “O`zbekkonsert”da o`tkazgan uchrashuvida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimova va sizning nomingizni til­ga olib, ay­tilgan vazifani bajarmaganingizni, ortingizdan vazirning o`zi izlab yur­ganini aytgandi. Balki, to`ylar bilan ovora bo`lib, bayramga qo`shiq yozishga vaqtingiz bo`lmagandir?

— Rosti, men uchun og`riqli tanbeh bo`ldi. Avvalo ijod, bu — duradgorlik emas-da, ikki kunning ichida tayyor mahsulotni qo`liga tutqazsang. San`at, bu — ijod! Qo`limga shoir Usmon Azimning she`rini berib, “Hosila bilan baxshichilik yo`nalishida duet qilinglar. Faqat xuddi “lazgi”dek sho`x bo`lsin”, degan talabni qo`yishdi. Hosila Rahimova va Mahmud Nomozov ikkita alohida shaxs.

— “Ikkita qo`ch­qor­ning­ boshi bitta qo­zon­da qay­na­may­di”, de­moq­chi­mi­siz?

— Yo`q, aytmoqchi bo`lganim, baxshichilik yo`nalishi nimaga asoslanishini ipidan ignasigacha biladigan, shunga umrini bag`ishlagan professionallarga nima qilish kerakligini uqdirishyapti. Baxshichilik bilan Xorazm yo`nalishi bir-biridan yiroq. Qolaversa, surxoncha yo`nalishning ustasi Usmon Azimning yozgan go`zal she`rini erga yotib olib o`y­nay­digan o`yinqaroq qo`shiq qilishning imkoni yo`q edi. Shunda ham bosh qotirib, duetning qoralamasini tayyorlab berdik. Eng qizig`i, har kuni “vazir eshitdilarmi? To`g`ri yo`ldamizmi yo o`zgartirish kerak ekanmi?” degan savol­ga vazir yordamchilaridan javob ololmay xunob bo`ldik. Qarabsizki, majlisda tan­beh­ eshitib turibmiz-da. Ochig`i, duetning qo­ra­lamasini berganimdan afsuslandim. Aytmoqchi bo`l­ganim, folk­lor yo`na­li­shiga soha mutaxassislari bo`l­maganlar aralashishiga yo`l qo`y­mayman. Bilasizmi, qo­ra­­qalpoqlarga “qo`­shi­g`ingni yo musiqangni o`zgartirasan”, deyilsa “tish-tir­nog`i” bilan kura­sha­di. Folklor yo`­nalishi haqida gap ketganda, men yo Hosila kurashmasa, kim kurashadi? “Istalgan she`rni bering, o`n besh daqiqada qo`shiq qilib beraman”, deb doim maqtangan xonandaman. Lekin bu ilojsiz talab oldida ojiz qoldim. Yana bir misol, tadbirlardagi yigitlarning surxoncha raqslarini kuzatgan surxonlik bir odam “Mahmud, surxonlik yigitlar shunday raqs tushganini qaerda ko`rgansan, nega indamaysizlar?” deb tanbeh berdi. Hamma kamchilikni bartaraf etishning yo`li oson.

— Nega unda shu vaqtgacha echilmayapti?!

— O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O`zbekkonsert” tomonidan etarlicha e`tibor qaratilishi kerak. “Milliy qo`shiqlarimiz yo`qolib boryapti, zamonaviy “qo`shiqlar” ko`payib ketdi”, deyishadi. Lekin o`sha mazmunsiz qo`shiqlarni televidenie­ning o`zi “proma” qilaverib, tomoshabinga singdiryapti-ku. Aksincha, talab darajasidagi qo`shiq kuylansa, unga televidenie tomonidan klip surat­ga oldirib, televidenie hisobidan “aylantirilsa” bo`ladi-ku. Shou-biznesning qonun-qoidasi shunday foydali tomonga ishlatilsa, nati­jani ko`rasiz. Xonandaning bir o`zi chirangani bilan ish bitmaydi, qars ikki qo`ldan chiqadi. Xonandalar ham “televidenie o`z hisobidan klip oldirib, “proma”sini qilib beradi”, degan intilish bilan sifat uchun ish­laydi. Masalan, O`zbekiston xalq artis­ti Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman o`sha” qo`shig`i va unga ishlangan klipiga juda katta mablag` ketibdi. Ba`zilar bu mab­lag`ga olt­­mishta klip suratga oldiradi. Shu qo`shiqning “proma”sini aslida televidenie qilishi kerak edi. Ozodbek harakat qilmasa, televideniening o`zi bu klipni “aylantirmaydi” ham. Televideniening xodimlariga “qaerda ishlaysiz?” deb savol ber­san­­giz, “davlat kanalida” deb maqtanadi. Lekin mu­si­­qiy ta`limi yo`qlarning “qo`­shiqlari”ni “aylantirisha­di”, qani mantiq? Ularning ijodkor sifatidagi g`ururi qani? “Talab­ga javob beradigan qo`shiq va professio­nal xo­nan­dalar chiqadi”, degan boshqacha emasmi? Bu reyting­ni belgilab beradi, axir. Ros­ti, Ozodbek­ning intilishi va mazkur qo`shig`iga qoyil qol­dim.

— Mahmud Nomozov ham xalq artisti, kerak bo`lsa, tajriba jihatdan ustun. Shun­day ekan, qachongacha Ozod­bek Nazarbekovga qo­yil qo­lib o`tirmoqchi, gapi­rayotgan so`zlaringizning amaldagi isboti bo`lishi kerak-ku?

— Tabiatimda tezkorlik yo`q, etti emas, etmish o`lchab bir kesaman. To`g`ri, balki ba`zilar qo`shiqlarimni tushunmas, eng mashhur xonandalar ro`yxatida ham emasdirman. Lekin shu kungacha ijodiy “tarixim”ni shunchaki kuylangan va ko`chirma qo`shiqlar bilan to`ldirgan ijodkor emasman, shunday bo`lib qoladi ham. Nasib bo`lsa, siz nazarda tutgan qo`shiqlarni ham taqdim etaman.

Cadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar