1

ODAM BO`LIB KELDIK!

Mutolaa 29.09.2017, 17:14
ODAM BO`LIB KELDIK!

“Akang bo`ri, tishi tekkan joydan quruq qaytmaydi”, “Ukam, yashasang, sherdek yasha!” — ko`p ishlarda omadi chopayotgan ayrim kishilar tomonidan aytiladigan shu kabi so`zlarni eshitib qolamiz. Buni insonlarning ba`zi hayvonlardagi yovuz jihatlarni ijobiy talqin qilib o`zlashtirishi deb qarasak, to`g`riroq bo`ladi. Ya`ni bu o`zini mag`rur sanaguvchi kishilarning kibr bilan aytiladigan “nasihatomuz” so`zlaridir...

Hech e`tibor qilganmisiz, inson xulqidagi ko`p jihatlar o`zi yoki o`zgalar tomonidan turli hayvonlarga taqqoslanadi. “Buqa qarash qildi”, “Moldek odam ekan”, “Tulkilik qiladi”, “It yotish — mirza turish”, “Chayondek chaqib oldi” — bu kabi o`xshatishlar salbiy ma`noda keltirilsa, “Musichadek beozor”, “Qo`ydek yuvosh”, “Chumolidek mehnatkash” kabi o`xshatishlar ijobiy sifat deya bildiriladi. Agar bu iboralar asosan atrofdagi kishilar tomonidan aytilsa, o`ylab ko`ring-chi, inson o`zi haqida bunday sifatlarning ijobiysini tanlaydimi, salbiysinimi?

Sir emaski, ta`bir joiz bo`lsa, salbiysini ham ijobiylikka yo`yadi. Deylik, sizni kimdir bo`riga o`xshatdi, balki bu siz uchun shunchaki o`xshatishdir, ammo yaxshi insonsiz degani emas. Bo`rining asliga nazar soling, u yirtqich, bo`ysunmas, va tajovvuzkor. Xo`sh, yirtqichlik, bo`ysunmaslik va tajovvuzkorlik insonga qanday obro` keltiradi. Ayrimlar esa ushbu o`xshatishni o`zlariga berilgan ijobiy baho deb qabul qilishadi. Bu kuyinishga arzimaydi, dersiz? Lekin biror jonivor xarakteriga havas bilan qarash, o`z xulqini jonivorlarga taqqoslash bora-bora insonni o`sha jonivor sifatlarini o`zlashtirib olishga undaydi. Shu o`rinda “Hasad bilan emas, havas bilan yashash kerak” iborasi insonlarni jonivorlarga nisbatan havas qilishga undamagani rost.



“O`ynab gapirsangiz ham...”

“Har qanday so`z o`z o`rnida qo`llansa, sehrga aylanishi mumkin” deyishadi donolar. So`z sehrini namoyish eta olish ko`proq notiqlar, shoirlar, va xonandalarga xos, shu bois ular so`z mas`uliyatini anglagan holda ijod qilishi kerak, dersiz. Ammo bu har birimizni fikrlashga undashi lozim. To`g`ri, ko`p hollarda ayrim ijodkorlar “Bo`riman”, “Arslonman”, “Sherman” tarzda she`rlar bitishadi, xonish qilishadi, yana kimlardir ko`cha-ko`yda o`zini arslondek tutib gapirishadi, ammo aynan qaysi jihati bilan bo`riyu sherga o`xshatilayotganini bilishmaydi. Jonivorlarning aynan biror jihatini mubolag`a qilib keltirish boshqa, umumiy tarzda ularning xarakteriga o`xshatish boshqa. Shu o`rinda Hazrat Alisher Navoiyning o`z o`rnida ishlatilgan quyidagi misralariga e`tibor qarating:
“It birlan xo`tukka qancha qilma tarbiyat, it bo`lur eshshak bo`lur, bo`lmaslar aslo odamiy!” yoki:

Zahar solmoq emish kasbi ilonning,

Maqsadi nish urmoq esa chayonning.

Ikkisi nogahon hamla qilsa gar,

Holi dushvor bo`lar har bir insonning.


Degan jumlalarida jonivorlar aynan o`ziga xos jihati bilan tilga olinyapti. Shunday ekan, ijodda ham, hayotda ham har bir narsaga aslini anglagan holda murojaat qilish lozim.

Sherga havas qilmang!

Hayvonlar shohi deb ataluvchi sherning kelbati asrlar osha ijodkorlar tomonidan sifatlab kelingan. “Sheryurak” kabi iboralar bilan insonlarga ta`riflar berilgan, bugungi kunlarda shu nomdagi filmlar ham ishlangan. Keling, avval o`ylab ko`raylik, sherlar nega hayvonlar shohi sanaladi? U nimasi bilan insonni rom etgan? Kuch-qudratda boshqa jonivorlar unga bas kelolmaydi, deb o`ylasangiz, adashasiz, kezi kelganda yo`lbarsning kuchi uni mag`lub eta oladi, ovda ham undan o`tadigan hayvonlar talaygina. Balki quyoshga tik boqa olishi bilan boshqa jonivorlardan ajralib turuvchi sherni hayvonlar shohi deb atashgandir. Agar ijodkor mubolag`a ma`nosida quyoshni haqiqat, sherni unga tik boqa oluvchi maxluqot deb ta`riflasaki, unga havas qilish mumkin. Ammo shunchaki umumiy ma`noda sherman, arslonman, bo`riman, deb bong urish yaramaydi. Masalan, sherning umumiy bir jihatini keltiraylik, ushbu jonivor o`z oilasini boshqa sherlardan jon-jahdi bilan himoya qilib yashaydi, qonli jang qiladi. Bordi-yu jangda mag`lub bo`lsa, o`zidan qolgan zurriyodini o`ldirib, o`z juftini g`olib sherga qoldirib ketadi. Bu havas qigulik emas. U mag`rurlikka ham dastak bo`la olmaydi. Demak, ma`lum sifatini nazarda tutmay turib biror jonivor xarakteriga qiyos etish yuzaki qarash hisoblanadi. Sir emaski, oramizda shunday munosib insonlar ham borki, ta`bir joiz bo`lsa, sher ham ularga havas qilsa, arziydi. Xususan bobokalonimiz, Jaloliddin Manguberdining yurt himoyasidagi tutgan yo`li va o`z yaqinlarini dushman qo`lida qoldirmay so`nggi qilgan qarorini mag`rurlikning yuksak namunasi deya e`tirof etish mumkin. Shu inson kabi Vatanni ardoqlashga havas qilish kerak. Eng chiroyli xislat hamda eng munosib qiyos atrofingizdagi fidoyi insonlarga havas bilan boqishdir. Kim biladi deysiz, balki hayvonlarning tili bo`lganida havas qilgulik zot aslida inson ekanini tasdiqlagan bo`larmidi?! Omadingiz yurishayotgani bo`riligingizdan emas, sizni hurmat qilishayotgani sherligingizdan emas, oddiy bashar farzandi va samimiy insonligingizdan dalolat bo`lsa, shuning o`zi katta baxt! Odam bo`lib keldik,shundayyashaylik!

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1