BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegasiya 2-12 oktyabr kunlari tashrif bilan mamlakatimizda bo`ladi.
Tashrif davomida delegasiya a`zolari O`zbekistonda din va e`tiqod erkinligini ta`minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimizning bu boradagi ijobiy tajribasi bilan tanishadi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqadi.
Ta`kidlash joizki, BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi (IHK) maxsus ma`ruzachilari inson huquqlari masalalari yuzasidan axborot va maslahat berish vakolatiga ega mustaqil ekspertlardir. Maxsus ma`ruzachilar tizimi BMT faoliyatida markaziy o`rin tutadi hamda barcha fuqarolik, madaniy, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy huquqlarni qamrab oladi. Bu vazifalar BMT IHKning tegishli rezolyusiyalarida belgilab qo`yilgan, deb yozadi O`zA.
Maxsus ma`ruzachilar, mustaqil ekspertlar va ishchi guruhlar a`zolari BMT IHK tomonidan tayinlanadi. Ular o`z zimmasiga xolisona, vijdonan va adolatli ish yuritish orqali mustaqillik, samaradorlik, asoslilik va yaxlitlikni ta`minlash majburiyatini oladilar. Maxsus ma`ruzachilarning mustaqil maqomga ega ekani ularning o`z vazifalarini xolis bajarishida muhim ahamiyatga ega.
BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari ko`magida maxsus ma`ruzachilar huquqlar buzilgani yoki boshqa suiiste`molliklarga yo`l qo`yilgani ehtimol qilinayotgan holatlarga e`tibor qaratish maqsadida davlatlar yoki boshqa shaxslarga xabar berish orqali inson huquqlari buzilishining alohida holatlariga yoki yanada keng doiradagi va tarkibiy tusdagi muammolarga nisbatan chora ko`radi, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni ishlab chiqishga ko`maklashadi, axborot-ma`rifiy faoliyatda ishtirok etadi, jamoatchilikning xabardorligini oshiradi va texnik hamkorlik masalalari bo`yicha maslahatlar beradi.
Maxsus ma`ruzachilar har yili BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashiga, alohida hollarda esa, BMT Bosh Assambleyasiga hisobot beradi.
A.Shahidning O`zbekistonga tashrifi uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ilk tashrifidir.
Tashrif davomida davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari, O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazish rejalashtirilgan.
Xususan, delegasiya a`zolari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman), Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta`limi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari, Konstitusiyaviy va Oliy sud, Bosh prokuratura, Din ishlari bo`yicha qo`mita, Xotin-qizlar qo`mitasi, Musulmonlar idorasida uchrashuvlar o`tkazadi.
Tashrif dasturida, shuningdek, milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari vakillari bilan uchrashuvlar ko`zda tutilgan. Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda
Toshkent islom universiteti talabalari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazish rejalashtirilgan.