AsosiyJinoyat

​XORAZMLIK AYoL 300 MING SO`MLIK ZIRAK UChUN 4 YoShLI QIZChANI O`LDIRDI

'​XORAZMLIK AYoL 300 MING SO`MLIK ZIRAK UChUN 4 YoShLI QIZChANI O`LDIRDI'ning rasmi

Shu yilning aprel oyida Xonqa tumanining Olaja qishlog`i, "Oydin hayot” mahallasida ro`y bergan voqea eshitganlarni hayratga soldi. Kimdir achindi, kimdir kuyindi. Ayol kishining jinoyatga qo`l urgani va bunga nima sabab bo`lganligi haqidagi gap-so`zlar aholi vakillari tomonidan turlicha talqin etildi. Muhokamaga sabab bo`lgan voqea aslida qanday ro`y bergandi?

Tushlik mahali uydan ko`chaga chiqib, yon-atrofni kuzatayotgan Ra`no Qilichevaning ko`zi o`ynab o`tirgan qizaloqlarga tushadi. Sekin-asta ularning yoniga borib, harakatini kuzatadi. Xayoliga kelgan o`yni tezda rejaga aylantirib, sekin gap boshlaydi. U qizaloqqa do`kondan muzqaymoq olib berishini aytib olib ketdi.

Ayol esa yo`lni do`kon tomonga emas, boshqa yoqqa buradi. Gap bilan qizchani chalg`itishga urinadi. Qo`shni ayolni buvisi kabi mehribon deb bilgan qiz og`ilxonaga kirishgach, vahimaga tushadi.

“Qani, qulog`ingdagi zirakni ech”, degan tahdiddan, qo`rquvdan qaltiraydi. Bola — bola-da, 4 yoshli qizchaning qo`lidan yig`lashdan boshqa nimayam kelardi. Uning yig`isi atrofdagilarning diqqatini tortishi mumkin, degan xayolda qo`liga g`ishtni olib, boshiga uradi. Qizcha hushidan ketib erga yiqiladi. Endi Ra`no qizaloqning jim bo`lib qolganligidan sergak tortib, hali hushiga kelsa, uyidagilarga aytib beradi, degan xayolda uni yo`qotish payiga tushadi. Qo`liga boltani olib, qizchaning boshiga ketma-ket zarba bera boshlaydi. Shusiz ham hushini yo`qotgan qizcha bunga dosh berolmay jon beradi.

Qizchani o`ldirib, endi uning jasadini yo`qotish rejasini tuzadi. Jinoyatini yashirish maqsadida jasadni somon va tosh bilan bostiradi.

Jinoyatchining bor-yo`g`i 4 yil umr ko`rgan qizchaning hayotiga zomin bo`lishiga asosiy sabab bir juft tilla zirak edi. Ha, u aynan 300 ming so`mlik zirak uchun odam o`ldirish kabi qabih jinoyatga qo`l urdi.

Jinoyat sodir etgan kuni zirakni og`ilxona devori yorig`iga bekitib qo`yishni unutmagan Ra`no Qilicheva hech nima ko`rmagandek mahalladoshlari, qizchaning oila a`zolariga qo`shilib, Layloni izlashadi. Ichki ishlar xodimlari oyoqqa turib, kechayu kunduz qizchani qidirishayotganligini bilsa ham, ikki kun mobaynida bu haqda hech kimga churq etmaydi, ammo ko`ngliga g`ulg`ula tushib, jasadni yashirgan joyidan olib, qo`shnisining og`ilxonasi tomonga olib borib, ustiga somon va tosh tashlaydi. U o`zini qanchalik xotirjam tutishga urinmasin, qilayotgan xatti-harakatlari ichki ishlar xodimlarining ziyrak nigohidan chetda qolmagan edi.

Har kim qilmishiga yarasha jazo oladi. Ra`no Qilicheva tomonidan sodir etilgan jinoyat ham jazosiz qolmadi. Uning jinoiy qilmishi sudda ko`rib chiqilib, 13 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Ra`no KAMOLOVA,

jinoyat ishlari bo`yicha

Xorazm viloyat sudi sudyasi.

Nargiza BO`RONOVA, jurnalist.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar