AsosiyJamiyat

​SENATORLAR QIShLOQ XO`JALIGIDA MAJBURIY MEHNATGA QARShI ChORALAR KO`RMOQDALAR

'​SENATORLAR QIShLOQ XO`JALIGIDA MAJBURIY MEHNATGA QARShI ChORALAR KO`RMOQDALAR'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ikkinchi yalpi majlisida senatorlar O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar.

Senatning mazkur tashabbusi, eng avvalo, mamlakatimizda fuqarolar mehnat huquqlarining kafolatlarini yanada mustahkamlash dolzarb ekanligi tufayli yuzaga keldi, deb xabar berdi Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati.
Ta`kidlanganidek, mustaqillik yillarida har bir shaxsning mehnat qilish, erkin ish tanlash, adolatli mehnat sharoitlariga ega bo`lishdan iborat umume`tirof etilgan huquqini amalda ta`minlash uchun shart-sharoit yaratib bergan mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. Xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qo`yilgan mazkur asosiy ijtimoiy huquqlar O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida, qonun hujjatlarida o`z aksini topdi. Ularda bolalar mehnatidan va majburiy mehnatdan foydalanishga aniq taqiqlar qo`yilgan.
O`zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) a`zosi bo`lgani holda mazkur tashkilotning 14 ta konvensiyasini, shu jumladan, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik to`g`risidagi konvensiyalarni ratifikasiya qildi. Ushbu konvensiyalarning qoidalari bosqichma-bosqich milliy qonun hujjatlarimizga implementasiya qilindi.
O`zbekiston tomonidan bu sohada XMT bilan yaqin va samarali hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Xususan, hozirgi vaqtda fuqarolarning mehnat munosabatlari sohasidagi huquqlarini himoya qilishga doir bir qator chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi 2017-2020 yillarda O`zbekistonda munosib mehnat bo`yicha Mamlakat dasturi amalga oshirilmoqda. XMT bilan amaliy hamkorlik tufayli mamlakatimizning xalqaro nufuzi sezilarli darajada yaxshilandi va aniq siljishlarga erishildi.
Mamlakatimizda Bolalar va majburiy mehnat masalalari bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash samarali faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Ushbu yo`nalishdagi ishlarning ahvolini monitoring qilish davlat organlari bilan bir qatorda inson huquqlari bo`yicha fuqarolik va milliy institutlar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
Ko`rilgan chora-tadbirlar ijobiy natijalarga erishish imkonini berdi. Jumladan, mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat batamom yo`q qilindi. XMT konvensiyalariga rioya qilish borasida jiddiy kamchiliklari bo`lgan davlatlar ro`yxatida O`zbekiston nomi 2014 yildan beri tilga olinmayapti.
Senatorlar 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta`minlash ustuvorliklardan biri sifatida belgilab qo`yilganligini qayd etdilar. Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlash Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidagi katta ishlarning alohida eng muhim yo`nalishi bo`ldi.
Majlisda ta`kidlanganidek, mamlakatimiz xalqaro majburiyatlarga, inson huquqlari va erkinliklariga sobitqadamlik bilan rioya etishini qat`iy tasdiqlagan holda, xalqaro standartlarga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini bunday buyon ham ta`minlashni kuchli nazorat ostiga olib, bu sohada amaliy xalqaro hamkorlik uchun ochiq ekanligini bildirdi.
Bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish hamda unga yo`l qo`ymaslik va bu sohada fuqarolarning huquqlarini shak-shubhasiz ta`minlash ustidan qat`iy nazorat o`rnatish borasidagi davlatimizning siyosiy irodasini yalpi majlisda mintaqalar vakillari alohida e`tirof etdilar.
Majlis ishtirokchilari majburiy mehnat xavfiga yo`l qo`ymaslikka doir barcha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida hozirgi bosqichda mehnat munosabatlari sohasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar yaxlit va tizimli bo`lishiga erishish, davlat organlari jamoat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik borasidagi imkoniyatlarni imkon qadar samarali ishga solishlari zarurligini ta`kidladilar.
Majburiy mehnat xavfiga yo`l qo`ymaslik, ayniqsa, qishloq xo`jaligida yo`l qo`ymaslik maqsadida qishloq xo`jaligini modernizasiyalash, agrar sektorni mexanizasiyalash darajasini oshirish, bu sohaga innovasion texnologiyalarni joriy etish bo`yicha qator dolzarb vazifalarni hal qilish zarur bo`ladi. Bundan tashqari, senatorlar ta`kidlaganlaridek, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta`minlash yuzasidan mamlakatimizda ko`rilayotgan keng ko`lamli chora-tadbirlar to`g`risida jahon hamjamiyatiga xolis va to`liq axborot etkazish muhimligini ta`kidladilar. Mavsumiy qishloq xo`jaligi ishlarini o`tkazishga, aholining, tashkilotlar va muassasalar, fermer hamda dehqon xo`jaliklari rahbarlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga bag`ishlangan axborot kampaniyasining hamda mehnat munosabatlari sohasidagi qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish ham zarur.
Batafsil muhokama yakunlariga ko`ra, senatorlar qaror qabul qildilar, unga ko`ra Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash masalalari bo`yicha Parlament komissiyasi tuziladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga tegishli hududiy komissiyalar tuzish tavsiya etildi. Ular faoliyatining aniq yo`nalishlari belgilab olindi. Parlament komissiyasi faoliyatining ochiqligini ta`minlash, parlamentning tizimli nazoratini o`rnatish maqsadida belgilab olingan tartibga ko`ra Parlament komissiyasi fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash, shu jumladan, majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va unga yo`l qo`ymaslik bilan bog`liq O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarini bajarish yuzasidan markazda va joylarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari faoliyatini o`rganish natijalari to`g`risida muntazam ravishda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisi muhokamasiga axborot kiritib boradi. Hududiy komissiyalar tegishli axborotni muntazam ravishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari muhokamasiga kiritib boradi.

    Boshqa yangiliklar