AsosiyShou-biznes

SONDA BORU, SIFATI YO`Q KLIPLAR

'SONDA BORU, SIFATI YO`Q KLIPLAR'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining ko`p sonli mushtariylarining talab va takliflarini inobatga olganda kliplar mavzusini yana davom ettirishga qaror qildik. Musiqiy kanallardagi yangi kliplar ketma-ketligini kuzatar ekanmiz, ularning sanog`ida adashib ketish hech gapmas. Bugungi kliplar tahlili esa aynan eng so`nggi ijod mahsullari haqida. Ro`yxatimizda esa sifati emas songa e`tibor beradiganlar hamda katta mablag` evaziga sifatsiz klip suratga olgan professional klipmeykerlarni ham uchratishingiz mumkin.

YIGITLARNING “ARABChA” RAQSI

Kanizaning kliplari tanqidchilar tomonidan muntazam ravishda tanqid qilib kelinadi. Masalan, o`tgan yillardagi “His et” klipida madaniyatimiz va ma`naviyatimizga to`g`ri kelmaydigan kadrlar, xonanda xatti-harakatlari gap-so`zlarga sabab bo`lgan. Shuningdek, so`nggi “Go`zal” klipi ham komedik janrda suratga olingan bo`lsa-da, maqsadi noaniq deb topildi. Shunga qaramay xonanda o`z yo`nalishini o`zgartirmadi. Arab yo`nalishidagi “Lilla” klipida xonanda yosh aktrisa Luiza Rasulova bilan birgalikda arabcha raqs harakatlarini “qoyillatishgan”.

Klipda rol o`ynashga rozi bo`lgan “raqqos” yigitlarga ham qoyil qolmaysiz. Nega deysizmi, chunki arabcha raqs yo`nalishida qizlar bajaradigan harakatlarni ular ham ijro etishgan. (!) Klipning yakunida raqsda qizlar yigitlar guruhini go`yoki mag`lub etishadi. Klip rejissyori Dilmurod Agzamov ssenariy yozayotganda, uning g`oyasi, maqsadi, mazmuni bo`lishi kerakligini unutgan ko`rinadi.

NAHOTKI BU NARIMONNING KLIPI?

Bugun xonandalikka qo`l urgan yosh ijodkorlar, mashhur va mahoratli klipmeyker bilan hamkorlik qilishni rejalashtirishadi. To`g`rida, klipmeykerning mashhurligi evaziga uning klipi ham tilga tushadi. Yosh estrada xonandalaridan biri Budur taxallusi bilan ijod qilayotgan xonanda ham aynan mana shu usulni tanlagan ko`­rinadi. Uning navbatdagi yangi “Jaga jaga” klipi rejissyori hammaga ma`lum va mashhur Narimon Sultonxo`jaev. Har doimgidek Narimon o`zi suratga olgan klipda bosh rol ijro etgan. Uning hamkasbi rolida xonandaning o`zi. Xullas, voqealar davomida bir-birini rashk qilgan ham­kasblarning janjali va akrobatik harakatlar bilan amalga oshirilgan raqslarni tomosha qilasiz.

Afsuski, ushbu klipga Narimon Sultonxo`jaevning kliplariga nisbatan kamdan-kam kuzatiladigan sifatsiz degan ta`rifni berishga to`g`ri keladi. Narimon o`z mashhurligi bilan Budurni reklama qilib bermoqchi shekilli. Xullas o`z tajribasiga ega professional klipmeykerga ijodida avvalgidek sifatga e`tibor berishni maslahat berishdan boshqa ilojimiz yo`q.

ShOShIB IShLANGAN KLIP

Bahriddin Zuhriddinov ijodini boshlashi bilan tilga tushgan xonandalardan. U nooda­tiy mavzularni tanlab, noodatiy kliplarni suratga olishi bilan ham e`tiborni tortib keladi.

Ilk kliplarida u katta gamburger izlab “o`zga sayyora”ga borgan bo`lsa, keyingi kliplarida Muyassar ismli qizni holu joniga qo`ymasdan daftar ko`chirib berishiga majbur qilgandi. Komik yo`nalishdagi kliplari bilan tanilib kelayotgan xonanda yangi klipda Abdulaziz Turg`unov bilan hamkorlik qilib, faqat trek yo`nalishiga mu­ro­jaat­ etdi. “Adashdim” qo`shig`iga xonanda to`rtta raqqosani chaqirib, sozandalarini yig`ganu, tezda klip suratga olgan ko`rinadi. Klip qo`l uchida, ya`ni klip­lar sonini ko`paytirish maqsadida olingani ko`rinib turibdi. Bahriddin Zuhriddinovning hadeb bir xil kadr­larda chiqaverishi esa tomoshabinni zeriktiradi, qolaversa, xonanda liboslariga alohida e`tibor berib, iloji bo`lsa stilistlar bilan hamkorlik qilsa yomon bo`lmasdi.

    Boshqa yangiliklar