Atrofdagilarga e`tiborli, xushchaqchaq, hamisha yuzidan tabassum arimaydigan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shohida Uzoqovani betashvish inson, deb o`ylarsiz. "Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasi mehmoni - aktrisa Shohida Uzoqova ortga nazar tashlab, yodga olgan hayot yo`lini o`qib, Shohida Uzoqovani qayta kashf etsangiz ajabmas...
"O`ZBEK TILINI TOG`AMNING QIZI O`RGATGAN"
— Tug`ilishim shifokorlarni hayratga solgan ekan. Chunki 21 apreldan 22 aprelga o`tar kechasi soat 00.00ga bong urganda Chirchiq shahrida dunyoga kelgan ekanman.
Otam Chirchiq kimyo sanoati zavodida muhandis bo`lib ishlaganlar, onam uy bekasi edi. Oilada 14 ta farzanddan 8 nafar: 5 qiz, 3 o`g`il hayot qolganmiz. To`ng`ich farzand bo`lishimga qaramay, juda erkatoy edim. Tilab olingan farzand bo`lganim uchun otam quchog`iga olib, qo`shiqlar kuylab berardilar. Shu tariqa o`zlari bilmagan holda san`atga oshufta qilib qo`yganlar. Bolaligimda radiodagi “Teatr mikrofon oldida” degan eshittirishni jon qulog`im bilan tinglardim. Kunlarning birida otam “Maysaraning ishi” musiqali spektakli yozilgan plastinka olib kelganlar.
Maysara — Halima Nosirova, Oyxon — Saodat Qobulova, Mulla Ro`zi — Karim Zokirovga qo`shilib, rolga kirib kuylardim. Otam plastilin olib kelganlarida ham teatr haqida tasavvurim bo`lmay turib, beixtiyor teatr sahnasi va aktyorlarni yasaganman. Rus mahallada yashaganimiz uchun o`zbek tilini mutlaqo bilmasdim. Xumson qishlog`iga ko`chib borganimizda, u er haqiqiy mo``jizadek tuyulgan. Tog`amning qizi boshimga yog`och cho`mich bilan urib-urib o`zbek tilini o`rgatgan (kuladi).
"HUNAR"LARIM KO`P EDI"
— Xumson qishlog`idagi 19-o`rta maktabda 10 yil tahsil olganman. Maktabda laqabim “qo`g`irchoq” edi. Asli bolaligimdan kipriklarim uzun, qayrilma bo`lgani uchun “qo`g`irchoq” deyisharkan. Otam singari husnixatim chiroyli bo`lgani, a`lo bahoga o`qiganim bois daftarlarim ko`rgazmada, rasmim a`lochilar taxtasida turardi. Yodimda, maktabdagi badiiy to`garakka qatnab, 10 yil Ra`no Sharipova, Muhabbat Shamaeva, Gulshoda Otaboevaning va hind filmlaridagi barcha qo`shiqlarni kuylaganman. Atrofdagilar “Shohida artist bo`ladi”, deyaverishardi. Lekin men shifokor bo`lishni orzu qilardim. Bir gal kuragimga ukol qilishgandan keyin, “huquqshunos yo jurnalist bo`laman”, deyishga tushganman (kuladi). Ishonasizmi, “Yor-yor” filmini 100 marta ko`rganman.
Shunga qaramay, ko`cha eshik tagiga turib olib, onamga “Yor-yor"ga pul bering”, deb xarxasha qilardim. Bir kuni “hunar”im o`tmay, pul o`rniga o`qlov bilan kaltak eganman. A`lochi bo`lsam-da, xulqim yomon edi: otni egarsiz minardim, eshakni tikka turib haydardim, ikkinchi qavatdagi sinfxonadan sakrardim... Qisqasi yaxshigina sho`xligim uchun onam “kuydirgi”, derdilar. Keyinchalik esa eng sevimli farzandiga aylanganman.
"OTAM MEN BILAN GAPLAShMAGAN"
— Kunlarning birida avtobusda ketayotsam, bir kishi “Sizni telestudiyada ko`rishdan xursand bo`lamiz”, deb manzil yozilgan qog`ozcha bergan. Otamga ko`rsatsam, “San`atkor bo`lmaysan!” deb qat`iy ohangda gapirgan. Maktabni tamomlaganimdan so`ng, meni kimyogar qilish maqsadida o`sha paytdagi Chirchiq politexnika texnikumiga olib borgan.
Imtihonda savollarga ata noto`g`ri javob berib chiqqanman. Otam “Bo`lishi mumkin emas, kimyoni zo`r bilasan-ku!” deb urishgan. So`ng otamning xohishi bilan Chirchiq kooperativ texnikumining rus guruhiga hujjat topshirganman. U erda ham a`lo baholarga o`qidim. Lekin aktrisa bo`lish fikri xayolimni bir zum tark etmasdi. Avvalgi Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutini topib borsam, imtihonlar tugagan ekan. Keyin otamga “Poytaxtda, amakimnikida qolay”, desam rad etmadilar. Keyin amakim ishlaydigan kabel zavodiga laborant bo`lib ishga kirdim. Kranchilarning oyligi balandligiga qiziqib, amakimga bildirmay, shu ishga o`tib oldim.
Mehnat daftarchamga “Kranchi”, deb yozilgan (kuladi). Bir yildan so`ng yana Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutiga borib, hujjat topshirdim. Imtihonga bir kun qolganda, ko`chada ketayotganimda qornimda og`riq turgan. “Tez yordam”da shifoxonaga olib borishganida, ko`richak bo`lganim va darhol operasiya qilish kerakligini aytishgan. “Iltimos, operasiya qilmanglar, imtihonlarimni topshirib olay, qaytib kelaman”, deb zorlanganim yodimda (kuladi). Shunda shifokor "Artist ekansan-ku", degandi. Lekin yorilib ketay, deb turgan ko`richakni operasiya qilishgan. Tabiiyki, u yili ham orzuim amalga oshmagan. So`ng otam qishloqqa olib ketdi. Turmushga bermoqchi bo`lishdi, “O`zimni o`ldiraman”, deya bu niyatlaridan qaytarib qolganman. Sovchilarni supurgi bilan haydardim.
Oradan to`rt yil o`tib, gazetada Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutiga o`qishga qabul qilishayotgani haqida e`longa ko`zim tushdi. Qalbimdagi niyat yana alangalandi va otamni “Toshkent davlat pedagogika universitetiga o`qishga kirmoqchiman”, deya aldab, Toshkentga yo`l oldim. To`g`ri Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutiga hujjat topshirgani bordim. Dekan bir menga, bir mehnat daftarchamdagi “Kranchi”, degan yozuvga qarardi (miriqib kuladi). Zamonaviy qiz edim-da, shunga ishonqiramagan. Qisqasi, talabaga aylandim, otam bilib qolib ranjigan va uch yil men bilan gaplashmay yurgan. Mark Vaylning “Ilhom” eksperimental studiyasiga qatnashardim. Spektakllarimiz bilan gastrollarda yurganmiz. O`shanda otamga “Mahoratli aktrisa bo`laman, turmushga ham chiqaman, hammasini eplayman”, deb so`z bergandim. Shukr, so`zimning ustidan chiqdim.
"BAHODIR YO`LDOShEV BILAN IShLASh NASIB QILDI"
— Butun umr rejissyor Bahodir Yo`ldoshevning qo`lida ishlashni orzu qilganman. Shu bois institutni tamomlagach, hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga olishlarini so`rab bormoqchi edim. Biroq kurs rahbari, rejissyor Bahodir Nazarovning va`dalariga ishonib, kursimiz bilan Jizzax viloyat teatriga ishga borganmiz. Olti oydan so`ng oyog`im singan. Bu vaqt oralig`ida kursdoshlarim qochib ketib,
4 kishigina qolgandik. Poytaxt teatrlariga ishga olishlari uchun Jizzax viloyat teatrida kamida ikki yil ishlagan bo`lishim kerak edi, shu bois sabr qilganman. 2 oy gipsda va yana 2 oy qo`ltiqtayoqda yurganman. Bir yil davomida o`ziga yarasha rollar o`ynadim. So`ng poytaxtga qaytib,
1987 yili hozirgi O`zbek Davlat drama teatriga ishga kirganman. Bu erda Bahodir Yo`ldoshevning qo`lida aktrisa sifatida shakllandim. Orzu qilgan rollarimni o`ynadim, 28 yil samarali ishladim. Teatrdan ketishimga direktor vaziyatimni tushunmagani sabab bo`lgan. Jigar va bronxim xastalangani bois davolanayotgandim.
Direktor “Xorazmga gastrolga borasiz”, deb qoldi. Xastaligimni aytsam, tushunmadi, qisqasi arizamni yozib ketdim. Boshqa teatrlardan taklif bo`lganida rad etdim. Chunki teatrdan teatrga sakrab yurish uchun bu maskandan ketmagandim. Nasib bo`lsa, albatta, o`zimning jonajon teatrimga qaytaman!
"ALIShER BILAN SAN`AT HAQIDA GAPLAShMAYMIZ"
— Uzoq vaqt oila qurishni ortga surganimga sabab, bo`lajak kuyovlar “ishlamaysiz!” degan shart qo`yishardi. Jizzax viloyat teatrida ishlab yurgan kezlarim aktyor Muhammadjon Uzoqov bilan tanishib qolganmiz. “Teatrda ishlatarmidingiz?” degan savolimga berilgan bir og`iz javob hayotimni hal qilgan. Va bir oyda to`yimiz bo`lgan, baxtli hayot kechirdik. Alisherni uylantirayotganimizda yonimda tog`dek bo`lib turishlarini niyat qilgandim, lekin... O`g`limizning muvaffaqiyatlari, nabiralarini ko`rsalar bo`lardi...
Alisherni aktyor bo`lishini istamaganman, diplomat qilmoqchi edim. Hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutiga o`qishga kirganida ham “O`zingni aravangni o`zing tort!” deganman. Alisher bilan bitta filmda suratga tushmaslikka ham kelishganmiz. Va o`g`lim bilan sira san`at haqida gaplashmaymiz. Hozir ona sifatida aktyor bo`lganidan faxrlanaman. Aktrisalik ko`zi bilan qarasam, bunday deyolmayman, chunki hali qilishi kerak bo`lgan ishlari ko`p.
"KINOGA KECh KIRGANIMDAN AFSUSLANMAYMAN"
— Kinoga 1996 yil "Yana o`sha Nasriddin" filmi orqali kirganman. Unga qadar tomoshabinlar meni “Otalar so`zi-aqlning ko`zi” ko`rsatuvi orqali tanishardi. So`ng “Domla” serialiga taklif qilishdi. Kutilmaganda “Sizni rolingizni o`zgartirishdi. Bosh qahramon roliga munosib emas ekansiz”, deyishdi. Shu payt rejissyor Mahkam Muhamedov “Ko`ngil ko`chalari” serialiga chaqirib qoldi, bajonidil rozi bo`ldim. Va “Domla”ning ijodkorlari hali afsuslanishadi, degan maqsadda bor kuchimni berib ishlaganman.
Natijada aynan shu rol meni xalqqa tanitdi. Kinoga kech kirganimdan afsuslanmayman, faqat yoshlarni ko`rib, “Men qanday o`ynagan bo`lardim?” degan savol aylanaveradi. Talabalik davrimda katta-katta loyihalarga tasdiqlanganman, lekin domlalar ruxsat berishmagan. Yana bir armonim “Arshin mol alan” spektaklida Gulchehra rolini berishganida, ba`zi sabablarga ko`ra o`ynamaganman. Bu rol Saida Rametovaga nasib qilgan. Shu xatomni haligacha kechirolmayman. Lekin ortga nazar tashlab, sarhisob qilsam, baxtli inson ekanimni tushunaman!
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV