2017 yil 1 oktyabr holatiga nobank kredit tashkilotlarining jami aktivlari qariyb 200 mlrd. so`mga, kredit qo`yilmalari qoldig`i 178,4 mlrd. so`mga va jami kapitali 153,4 mlrd. so`mga etdi.
Mamlakatimiz Prezidentining “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida” 2017 yil 12 sentyabrdagi qarorida nobank kredit tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ular tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar hajmini, sifatini yanada oshirish va moliyaviy xizmatlar iste`molchilarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qator choralar belgilangan.
Xususan, mazkur hujjatda 2017 yil 1 oktyabrdan yangi tashkil etilayotgan mikrokredit tashkilotlari uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 2 mlrd. so`m, lombardlar uchun esa 500 mln. so`m miqdorida belgilandi.
Faoliyat yuritayotgan mikrokredit tashkilotlari va lombardlar 2019 yilning 1 yanvariga qadar ustav kapitalini belgilangan eng kam miqdorga etkazishlari lozim.
Respublikamiz mintaqalarida jami 76 ta nobank kredit tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo`lib, ularning 30 tasi mikrokredit tashkiloti, 46 tasi lombarddir.