AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV ALMAZBEK ATAMBOEV BILAN TELEFON ORQALI MULOQOT QILDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV ALMAZBEK ATAMBOEV BILAN TELEFON ORQALI MULOQOT QILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 oktyabr kuni Qirg`iziston tashabbusiga ko`ra Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari muloqot avvalida Qirg`iziston Prezidenti Almazbek Atamboev hamda qardosh qirg`iz xalqini joriy yil 15 oktyabr kuni prezidentlik saylovining muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy muborakbod etdi.

Umumxalq saylovi natijalari Qirg`izistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ro`y berayotgan o`zgarishlarga mamlakat aholisi yuksak ishonch bildirishi va uni har tomonlama qo`llab-quvvatlashidan dalolat ekani alohida qayd etildi.

Ikki davlat rahbarlari yaqinda bo`lib o`tgan oliy darajadagi o`zaro tashriflar chog`ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini an`anaviy do`stlik va amaliy ruhda atroflicha muhokama qildi.

O`zbekiston – Qirg`iziston davlat chegaralarining qolgan uchastkalariga oid tegishli shartnomani huquqiy jihatdan rasmiylashtirish va imzolash jarayonini tezroq yakunlash, shuningdek, chegara o`tkazish punktlarining samarali faoliyatini ta`minlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta`kidlandi.

Transport-kommunikasiya tizimidagi o`zaro aloqalar, xususan, shu oyning oxiriga rejalashtirilgan «Toshkent – Andijon – O`sh – Irkeshtom – Qoshg`ar» yo`nalishi bo`yicha hamkorlikda avtomobil qatnovini sinovdan o`tkazish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Qirg`iziston Prezidenti Almazbek Atamboev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga prezidentlik saylovi munosabati bilan samimiy tabrik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Qirg`iziston mamlakatlarimiz o`rtasida keng ko`lamli va o`zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishga, do`stlik va strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar