1

​Madad-shifo: “FARZANDIMNI RAXIT DEYIShDI...”

Salomatlik 21.10.2017, 11:38
​Madad-shifo: “FARZANDIMNI RAXIT DEYIShDI...”

“Ikkinchi o`g`limni tibbiy ko`rikdan o`tkazish uchun olib borgandim. Bolalar jarrohi “farzandingizda raxit alomatlari bor”, dedi. To`g`ri, bolam salgina nimjon, ammo raxit belgilarini sezmagandim. Endi nima qilsam bo`ladi? Davolasa, asorati bo`lmaydimi?”

Karima Olloyorova, Xorazm viloyati

Raxit – kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan kasallik bo`lib, organizmda kalsiy va fosfor almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Ushbu kasallikni D vitamini tanqisligi ham deyishadi. Kichkintoy hayotining dastlabki yillari tez o`sadi. Rivojlanish jarayonida bola suyaklarining to`g`ri o`sishi uchun kalsiy va fosfor elementlari zarurdir. D vitamini organizmda kalsiy va fosforning ichakdan so`rilishi, mushak va boshqa a`zo to`qimalariga etib borishini boshqaradi. Agar organizmda D vitamini etishmovchiligi kuzatilsa, bolaning kalsiy va fosfor elementlariga bo`lgan ehtiyoji qondirilmaydi.

Vitamin etishmasligi nimalarga olib keladi?

Bola organizmida D vitaminining etarli miqdorda bo`lmasligi,suyaklar yumshashiga, mushak va bo`g`imlar bo`shashishi, immunitet sustlashishi, kamqonlikka olib kelishi mumkin. Buning natijasida esa bola boshi va gavdasini to`g`ri tutishga qiynaladi, liqildog`i yumshab ketib, juda sekin bitadi. Tishlar chiqishi ham kechikadi. Surunkali kasalliklarga moyillik ortishi mumkin. Muolaja vaqtida bajarilmasa, organizm rivojlanishda davom etadi-yu, ammo bola suyaklarining qiyshiq o`sish ehtimoli ortadi. O`tkazib yuborilgan raxitda umurtqa pog`onasining bukchayishi, ko`krak qafasining pastga qarab enkayib qolishi,oyoqning “X” yoki “O” shaklida qiyshayishi kuzatilishi mumkin. Shu bilan birga, bolada yassioyoqlik rivojlanadi.

Homiladorlik vaqti ona organizmida kalsiy-fosfor almashinuvining buzilishi, homiladorlikning og`ir kechishi, bolaning oyiga etmay tug`ilishi ham raxitga sabab bo`lishi mumkin.

Kasallik belgilarini qanday aniqlash mumkin?

“Farzandimda raxit bor-yo`qligini qanday bilaman”, deyotgan bo`lsangiz, quyidagi belgilarga diqqat qiling. Avvalo kichkintoyni kuzating. Bo`y o`sishi, vazn ortishi va umumiy holatida o`zgarishlar yo`qmi? Odatda raxit alomatlari sifatida bola uyqusining buzilishi, emayotganida ko`p terlashi,tovush va yorug`lik nuridan cho`chishi, teri toshmalari (issiqlik toshishi mumkin), boshning ensa qismida soch to`kilishi, injiqlik va bezovtaliklar e`tirof qilinadi. Bordi-yu ushbu belgilardan birortasi dilbandingizda kuzatilayotgan bo`lsa, albatta, shifokorga murojaat eting.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1