1

OShQOZON YaRASI «BOSh KO`TARSA»

Salomatlik 21.10.2017, 15:21
OShQOZON YaRASI «BOSh KO`TARSA»

Kasallikning yoqimlisi bo`lmaydi, deyishadi shifokorlar. Bahor payti qo`zg`aydigan oshqozon yarasidan ham yaxshilik kutish amrimahol. Darmonsizlik, ish ko`pligi tufayli stressli holatga tushish, parhez tutmaslik muammoni yanada og`irlashtiradi. Bu kasallikda o`zboshimchalik qilish yaramaydi. Yaxshisi, bu ishni mutaxassisga ishongan ma`qul. Keling, biz ham bu borada shifokor-terapevt Shahnoza Ahmedova tavsiyalariga quloq tutib, oshqozon yarasini qay tarzda davolash mumkinligini bilib olamiz.

ME`DANGIZ TINCh BO`LSIN DESANGIZ...

Odatda, oshqozonda doim ikki muhit xukmron bo`ladi: biri ovqatni hazm qiluvchi oshqozon shirasi, ikkinchisi uni ta`siridan asrovchi shilliq modda. Lekin odam kun davomida to`g`ri ovqatlanmasa, aksariyat achchiq, yog`li, qovurma taomlar iste`mol qilsa, ko`p asabiylashsa, bilib-bilmay dori-darmonlarni qabul qilsa, oshqozon devorida yara hosil bo`lishi mumkin. Oshqozon yarasi nasldan o`tadi. Ota-onada bu kasallik kuzatilsa, farzandida ham hayoti davomida oshqozon yarasiga moyillik saqlanadi. Shuningdek, «xelikobakter pilori» nomli kasallik chaqiruvchi bakteriya ham oshqozon yarasini keltirib chiqaradi. Aynan shuning uchun, yoshlikdan oshqozonni yallig`lanishdan asrash kerak. Ayniqsa, kasallik hurujini vaqtida to`xtatish lozim.

YaRA HURUJ QILGANDA

Oshqozon yarasi:

* mavsum o`zgargan paytda;

* parhez buzilganida;

* ruhiy va jismoniy zo`riqishda;

* yallig`lanishga qarshi antibiotik va gormonal dorilarni pala-partish qabul qilinganda huruj qiladi.

Bunday paytda quyidagilarga rioya qilish darkor:

  • Zudlik bilan shifokor chaqiring. Uning kelguniga qadar, og`riq qoldiruvchi dori-darmonlardan birini qabul qiling. Agar qo`l ostida ular bo`lmasa, kartoshka shirasini 2 osh qoshiq miqdorida ichiladi. Buning uchun kartoshkani po`stidan tozalab, mayda qirg`ichdan chiqarib, shirasi siqib olinadi. Kartoshka shirasi oshqozon devorini o`rab, og`riqning kamayishiga yordam beradi.
  • Bir dona tuxum sarig`ini yaxshilab ko`pirtirib, yarim choy qoshiq sariyog` bilan aralashtirib qabul qilish ham hurujda asqotadi. Ayniqsa, bedana tuxumi bo`lsa, foydali.
  • Shuningdek, chakanda moyi (oblepixa) oshqozondagi og`riqni bartaraf etish xususiyatiga ega. Chakanda moyini 2 choy qoshiq miqdorida oshqozonda og`riq paydo bo`lgan paytda ichish kerak.
  • KASALLIKNI PARHEZ DAVOLAYDI

Kasallik ortiq qo`zg`amasligi uchun ovqatlanishda oshqozon devorini yallig`lantiradigan mahsulotlardan saqlangan ma`qul. Bu degani endilikda engil hazm bo`ladigan ovqatlar tanovul qilasiz. Taom bug`da tayyorlansa, yanada yaxshi. Nonushtaga suli, grechixa yoki guruchdan tayyorlangan bo`tqalar eyish foydali. Ovqatni har ikki soatda oz-ozdan iste`mol qilish, non va pishiriqlarni kamaytirib, o`rniga bug`da, suvda pishgan, engil hazm bo`ladigan suyuq taomlar iste`mol qilinadi

Oshqovoq urug`ini po`sti bilan maydalab, ustiga qaynoq suv quying. Yarim soat tingach, bir choy qoshiq asal bilan birga kun davomida choy o`rniga iching.

Taomlanish orasida zig`ir yoki suli urug`ini sutda qaynatib, qabul qiling. Bu oshqozon uchun juda foydali hisoblanadi.

Tolmachoy paytida na`matak, zirk yoki o`rik qoqisidan tayyorlangan damlama yoki mevali kisel ichish kerak.

Yotishdan oldin esa albatta, bir piyola yangi ivitilgan qatiq ichiladi. Bu oddiy ko`rsatmalar kasallikning kechishini engillashtiradi, ammo asosiysi, asabiylashmasdan sog`lom turmush tarziga rioya qilish kerakligini unutmang. Vaqtida ovqatlanish, vaqtida dam olish va parhez yordamida bu kasallikni, albatta, engishingizga ishonamiz.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1